Ayollar futboli. «Sevinch» bosh sovrindan «uzoqlashyapti»
Ayollar oliy ligasi ham yozgi ta’tilni tamomlab, ikkinchi davrani 12-turidan davom ettirishdi. Kecha o‘tkazilgan besh o‘yindan faqat bittasida mehmonlarning g‘alabasi kuzatildi – «qaldirg‘ochlar» poytaxt derbisida «sherlar»ning «kuragini yerga tekkizishdi».
Bu g‘alaba bilan turnir jadvali peshqadami «So‘g‘diyona»dan atigi ikki ochko ortda qolmoqda. Mamlakatning ko‘pkarra chempioni «Sevinch» esa bu mavsumda bosh sovringa da’vogarlar safidan uzoqlashmoqda. Qarshiliklar «So‘g‘diyona» mehmoni bo‘lishdi va o‘z darvozalaridan javobsiz ikkita gol o‘tkazib yuborishdi. Jizzaxliklarning ikkinchi to‘piga o‘yinning so‘nggi daqiqalarida jamoaning yangi vakilasi Maxliyo Sariqova mualliflik qildi. Maxliyo aslida «Sevinch» jamoasida tajriba orttirgan, yulduz bo‘lib porlagan, bir necha yil davomida jamoaning sardori bo‘lib harakat qilgan edi. Bugun esa «So‘g‘diyona» tarkibida sobiq jamoasini «jazolashga» hissa qo‘shdi. Mazkur mag‘lubiyatdan so‘ng «Sevinch» «So‘g‘diyona»dan to‘qqiz, «Bunyodkor»dan esa yetti ochkoga farq qilyapti. AGMK o‘z maydonida «Metallurg»dan, «Lokomotiv» esa «Navbahor»dan ustun keldi. Bitta uchrashuvdagina durang natija qayd etildi – «Qizilqum» – «Buxoro» – 2:2. Qiziq tomoni, mehmonlar uchrashuvning so‘nggi soniyalarida, buning ustiga penaltidan hisobni tenglashtirishga erishdilar.
Oliy liga. 12-tur
3 avgust, seshanba
LOKOMOTIV-W – NAVBAHOR-W – 1:0 (0:0)
Toshkent. TTYMI stadioni.
Gol: Dildora Ergasheva (79-pen.)
PAXTAKOR-W – BUNYODKOR-W – 1:5 (1:1)
Toshkent v. «Qibray» stadioni.
Gollar: Zumrad Nazarova (37) – Saida Galimova (13), Lyudmila Karachik (51, 63), Dildora Nozimova (75, 90)
AGMK-W – METALLURG-W – 2:0 (0:0)
Olmaliq. «Metallurg» stadioni.
Gollar: Komila Zaripova (81), Leyla Rustullayeva (90+4)
SO‘G‘DIYONA-W – SEVINCH – 2:0 (1:0)
Zomin. «Zomin» stadioni.
Gollar: Diyora Xabibullayeva (34), Maxliyo Sariqova (90+3)
QIZILQUM-W – BUXORO-W – 2:2 (0:1)
Navoiy. «Yoshlik» stadioni.
Gollar: Shaxzoda Jamolova (47), Dilafruz Toshpo‘latova (88) – Zebiniso G‘aniyeva (26), Shaxnoza Yusupova (90+5-pen.)
12-turdan keyin «So‘g‘diyona» 34 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilyapti. «Bunyodkor» 32 ochko bilan, «Sevinch» esa 25 ochko bilan uchinchi o‘rinda boryapti. AGMKda 19, «Metallurg»da 16, «Navbahor»da 13, «Lokomotiv»da 11, «Paxtakor»da 8, «Buxoro»da 7 ochko bor. Turnir autsayderi «Qizilqum» 5 ochko bilan so‘nggi o‘rinni «band» etib turibdi.
Navbatdagi uchrashuvlar 9 avgustga belgilangan. Sakkizta jamoa O‘zbekiston Kubogining chorak final o‘yinlarida maydonga tushadi. Bular:
«Paxtakor-W» – «Metallurg-W»
«So‘g‘diyona-W» – «Sevinch»
«AGMK-W» – «Bunyodkor-W»
«Navbahor-W» – «Lokomotiv-W».