Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan “Ayollarning siyosiy faolligini oshirish: mavjud imkoniyatlar va muammolar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda partiya rahbariyati, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, "Oqila ayollar" harakati hamda ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari hamda senator va deputatlar ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va ishtirokini kengaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Natijada barcha soha va tarmoqlarda, tadbirkorlik yo‘nalishlarida xotin-qizlarning ulushi ortib bormoqda.
Xususan, bugungi kunda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 45 foizga yetgani e’tiborga molik. Parlamentda, mahalliy Kengashlarda ijtimoiy-siyosiy masalalarni muhokama qilish va qonun hamda qarorlar qabul qilishda ayol siyosatchilar faol qatnashmoqda. Mahalliy Kengashlarda faoliyat yuritayotgan deputatlarning 31 foizi ayollardir.
[gallery-25370]
Davra suhbatida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Z.Mahkamova keyingi yillarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida 5 millionga yaqin ayollarning hayoti o‘zgargani, ijobiy natijalarga erishilayotgani, shu bilan birga, hali oldinda vazifalar bisyorligini ta’kidladi. Xususan, ayrim ayollarning ajrimdan keyingi hayotini himoyalash va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish zarurligini, ehtiyojmand xotin-qizlarni yanada keng qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish lozimligini qayd etdi.
Muhokamalarda senatorlar, deputatlar, faol xotin-qizlar, partiya vakillari so‘z olib, o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar. Siyosiy maydonda, ijro hokimiyati tizimida xotin-qizlar rolini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Partiyadan saylangan ayol deputatlarning faolligi va tashabbuskorligini oshirish, ular ko‘magida xotin-qizlar orasiga keng kirib borish, ayollarni qiynayotgan muammolarga, mahallalardagi masalalarga yechim topish zarurligi aytib o‘tildi. Buning uchun joylarda ayollar bilan muloqotni kuchaytirish, ularning takliflarini olish kerakligi urg‘ulandi. Barcha toifadagi ayollar bilan izchil ishlash, ta’sirchan loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Muhokamalar yakunida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish borasida kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA