Sirdaryo viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda Kasaba uyushmalari viloyat kengashi tashabbusi bilan Sirdaryodagi 11 ta shahar va tuman mahallalari hududida istiqomat qilayotgan, "Ayollar daftari"ga kiritilgan ayollar uchun poytaxtga ikki kunlik sayohat tashkil etildi.
Sayohatchilar XV asrga oid me’moriy yodgorlik hisoblangan Zangiota ziyoratgohi, "ICE CITY" muz saroyini tomosha qilishdi. G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi hamda “Shon-sharaf muzeyi”ni borib ko‘rishdi. Xalqimizning Ikkinchi jahon urushi yillaridagi qahramonligi, front va front ortidagi mardligi, matonati haqida hikoya qiluvchi eksponatlar ularda yorqin taassurotlar qoldirdi.

Ayollar iftorlik dasturxoni atrofida o‘tirib, yurtimizga, oilalarga tinchlik so‘rab duolar qilishdi.


–Ikki kunlik sayohat biz ayollar uchun esda qolarli lahzalarni hadya etdi,–deydi boyovutlik Feruza Suvonova.– Buning uchun, eng avvalo, Prezidentimizga tashakkur. Xotin-qizlar kuni, muqaddas ro‘zai ramazon oyi Toshkentga sayohat qilaman deb hech o‘ylamagandik. Buni tashkil qilganlarga rahmat.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri