“Ayollar daftari”, “Temir daftar”dagi ayollarning bandligi ta’minlanmoqda
Qaror va ijro
Buxoro viloyatining chekka tumani Olotda tadbirkor Dilnoza Sayliyeva mahallada “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalardan tikuvchilikka uquvi bo‘lgan 20 dan ziyod ayolni saraladi.
O‘zi istiqomat qilayotgan Jayxunobod mahallasi faollari bilan kelishib hududdagi 9-son umumta’lim maktabida bo‘sh turgan binodan alohida xona oladi. Unda “Zebuniso kids” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qildi. 20 taga yaqin zamonaviy rusumdagi “Jack” tikuv mashinasi va matoga bezak beruvchi “overlo” hamda boshqa uskunalarni xarid qilib, bolalar uchun tikuv-trikotaj mahsulotlarini tikib tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi.
Tadbirkor ayolning bu loyihasi Prezidentimizning 2022 yil 21 sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida 50 million so‘m miqdoridagi grantga loyiq topilgan. Ayni kunda sexda 20 nafardan ortiq ishchi-chevar band qilinib, tikuvchilar bilan birga bichuvchi, dazmolchi, qadoqlovchilar ham ishli bo‘lgan.
“Zebuniso kids” yorlig‘i bilan tayyorlanayotgan kiyim-kechak mahsuloti tuman, viloyat bozorlarida sotilmoqda. Buyurtma asosida ham tikib tayyorlanayotgan sifatli mahsulotlar o‘z vaqtida mijozlariga yetkazilmoqda. Qolaversa, tayyor mahsulotning bir qismi poytaxt bozorlarigacha jo‘natilib, moddiy daromad keltirmoqda.
– Tikuv seximizda ish vaqtiga qarab shart-sharoit yaratilgan, – deydi sex ish boshqaruvchisi Qurbongul O‘rinova. – Chevarlarga har oyda 2 million so‘mdan oshirib maosh berilmoqda, issiq ovqat shu yerning o‘zida tayyorlanadi. Halol mehnatimiz hisobidan daromad topib, ro‘zg‘orimiz ehtiyojlarini qondirmoqdamiz.
[gallery-15747]
Bundan tashqari, tumanning “Shayxlar” mahalla fuqarolar yig‘inida 2020 yilda ish boshlagan “Orlot tex fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati tikuvchilik fabrikasi sexida umumiy qiymati 300 million so‘m bo‘lgan so‘nggi rusumdagi tikuv mashinalari hamda boshqa zarur jihozlar keltirib o‘rnatilgan.
Farrux Asqarov boshchilik qilib kelayotgan korxonaga yuqoridagi kabi mahallada “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 25 nafar xotin-qiz avvaliga tikuvchilik sirlarini o‘quv markazlarida o‘rganib, so‘ngra malakali tikuvchilar sifatida ishga qabul qilingan.
Bugungi kunga kelib bu tikuv sexida mavsumga qarab 10 turdan ortiq erkaklar va ayollar kiyimi tikib tayyorlanmoqda. Ayni paytda korxonada 25 nafar malakali tikuvchi tomonidan kuniga 40 donadan ziyod tayyor qishki erkaklar kurtkalari ishlab chiqarilmoqda.
– Dastlab 4-5 dona tikuv mashinkasida buyurtma asosida tikish ishlarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsak, asta-sekin mahsulotimizga talab osha boshlaganini sezib, zarur asbob-uskunalarni xarid qilishga tushganmiz, – deydi korxona rahbari Farrux Asqarov. – Hozir 40 dan ortiq zamonaviy rusumdagi tikuv va to‘quv dastgohiga egamiz. Erkaklar va ayollar kiyimlarining 10 dan ziyod turini ishlab chiqarishga imkoniyatimiz yetarli. Shu bois, jamoamiz bilan maslahatlashib xaridorbop erkaklar kurtkalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Mahsulotimiz bozori yaxshi, kuniga o‘rtacha 40 donagacha, oyiga 1 ming 100 dan ortiq tayyor kiyimni tikib tayyorlab, xaridorga sotishni uddalayapmiz. Albatta, bundan yetarlicha daromadga ham ega bo‘lmoqdamiz.
Xususiy korxona kelgusida Xitoy davlatidan qiymati 200 million so‘mdan oshiq erkaklar kiyimlarini to‘qishga mo‘ljallangan asbob-uskunalarni keltirish borasida ish olib bormoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov(surat), O‘zA muxbirlari