Ayoli e’zozlangan yurtda qut-baraka bo‘ladi
Yurtboshimizning xotin-qizlar bayrami munosabati o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida aytilgan bir fikr meni juda quvontirdi. Ya’ni ayollar xalqimizning, millatimizning oltin fondi, deya e’tirof etildi. Onajonlarimiz, muhtarama ayollarimiz berilgan bu yuksak bahoga juda munosib.
O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, yurtimizdagi har bir ayol uyim, joyim, bola-chaqam deydi. Farzandlarim baxtli, taxtli bo‘lsin deb hech qachon mehnatdan qochmaydi, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shishni vatanparvarlik deb bilishadi. Bu sa’y-harakatlarning hammasi yurtimizda ayollarga yaratilgan qulaylik, imkoniyat hamda g‘amxo‘rliklar tufaylidir.
Prezidentimiz nutqida e’tirof etilganidek, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 126 mingga yaqin ayollarga imtiyozli kreditlar berildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qariyb 215 ming oilaga 6 trillion so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi. Qariyb 55 ming nafar xotin-qizlar tadbirkorlik va kasb-hunar markazlari tomonidan o‘qitildi, hunarmandchilik va kasanachilikka jalb etildi. “Besh muhim tashabbus” doirasida chekka hududlarda tikuvchilik sexlari tashkil etilib, 10 ming nafar ayollar bandligi ta’minlandi. Uy-joy sotib olish uchun 1 ming 250 nafar opa-singillarimizga qariyb 22 milliard so‘mlik boshlang‘ich badallar to‘lab berildi.
Bu beqiyos g‘amxo‘rliklarni yurtimizdagi har bir ayol chin yurakdan qabul qilib, bor kuch va imkoniyatini davlatimiz tomonidan ishlab chiqilgan hayotbaxsh loyihalarni amalga oshirishga safarbar etishmoqda. Yurtimizdagi rivojlanish, taraqqiyot va yuksalishlar misolida bu yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha munis onaxonlarni, go‘zal va dilbar opa-singillarni xotin-qizlar bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Barno Mirzamova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati