O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayolga baxt bering, saodat bering” deb nomlangan mushoira kechasi bo‘lib o‘tdi.
She’riyat, nafosat, kitobxonlik bayramiga aylangan ushbu adabiy anjumanga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, she’riyat muxlislari taklif etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ayollarga qaratilayotgan e’tibor adabiyot, jurnalistika sohalarida faoliyat yuritayotgan ayollar ijodida ham o‘zining yorqin ifodasini topayotganini, bu esa yangi-yangi badiiy asarlar yaratishga turkti berayotganini e’tirof etdi.
Adabiy mushoira avvalida adabiyot va ommaviy axborot vositalari sohalarida ko‘p yillar davomida faol mehnat qilib kelayotgan Xosiyat Bobomurodova, Muhabbat Hamidova, Gulchehra Umarova, Feruza Odilova, Dilorom Ismoilova, Sayyora To‘ychiyeva, Munavvara Usmonova, Saodat O‘rmonova, Dilfuza Shomalikova singari ijodkorlarga esdalik sovg‘alar va bayram guldastalari topshirildi.

Darhaqiqat, bugungi kunda milliy adabiyotimiz rivojida yuqorida nomi keltirilgan ijodkorlar bilan birga, Farida Afro‘z, Shahodat Isaxonova, Olmosxon Ahmedova, Qutlibeka Rahimboyeva, Sharifa Salimova, Zulfiya Mo‘minova, Zebo Mirzayeva, Farog‘at Xudoyqulova, Xosiyat Rustamova, Zilola Xo‘janiyozova, Guljamol Asqarova va boshqa ko‘plab shoira, adibalar samarali mehnat qilmoqda.
Ularning ijodi nainki mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosdagi adabiy anjumanlarda, forum va kongresslarda yuksak e’tirof etilmoqda. Ijodiy tanlovlarda sovrinli o‘rinlarga munosib topilmoqda. Dilbar kuy-qo‘shiq bo‘lib xonadonlarimizga, qalblarimizga kirib bormoqda.

–Biz nimaiki yozayotgan bo‘lsak, barini mo‘’tabar onalarimiz, munis qizlarimizga bag‘ishlaymiz, – dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustam Musurmon. – Onajonlarimiz, aziz opa-singillarimiz biz uchun chin ma’noda ilhom, ijod manbaidir.
– O‘zbek ayollarining she’riyati dunyo bilan bo‘ylashadigan she’riyatdir, – dedi taniqli shoir Muhammadjon Ismoilov. – Ularning ijod namunalarini o‘qib, hayratlanamiz, faxrlanamiz. Bu she’riyat dunyo shoiralari ijodidan ustun bo‘lsa ustunki, lekin aslo kam emas.
Mushoirada baxt va bahor, mushfiq onalar, ayollik saodati, jonajon Vatanimizni madh etuvchi she’rlar yangradi. Chindan ham mo‘’tabar opa-singillarimiz ijod va ilhomning haqiqiy manbai ekani ushbu she’riyat bayramida yana bir karra namoyon bo‘ldi.
Nazokat Usmonova,
Ahmadjon Ergashev (surat),
O‘zA