Shifokor malakasi bilan bog‘liq muammolar – bir tomon. U ham vaqti kelib hal etiladi. Har holda shunga harakat qilinyapti. Ammo yana bir muammo borki, uning yechimi avvalo xalqning o‘zida.
Davlatimiz tibbiyotni yangi, zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratgan. Bu ayollar jarrohlik amaliyotida ham natijasini ko‘rsatyapti. Masalan, Farg‘ona viloyati Tez tibbiy yordam markazini olaylik.
"Shoshilinch ginekologiya bo‘limida yil davomida 1045 nafar ayol davolangan bo‘lsa, shularning 614 nafarida jarrohlik amaliyoti bajarilgan. Uning 80 foizi yangi texnologiya asosida laposgrafik usulda bo‘lgan", deydi, Shoshilinch ginekologiya bo‘lim boshlig‘i Nargiza Turonova.
Shundaylikka-shunday, ammo shifokorlar orasida gender tenglik buzilgan.
"Viloyatimizda 411 ta tibbiyot muassasasi mavjud, ularda 7205 nafar shifokorlar ishlaydi. 2957 nafari ayollar, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassisi Xolmatjon Yoqubov. – Sohada 216 nafar xirurg bo‘lsa, ularning 16 nafari ayollar".
<iframe width="420" height="650" src="https://www.youtube.com/embed/Vlfgdrvg6Ck" title="Ayol shifokor jarrohlar ko‘paysa..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Raqamlarga yana bir bor e’tibor qilaylik. Farg‘ona viloyatida jami shifokorlarning 40,5 foizi, xirurg-jarrohlarning esa atigi 8 foizi ayollar. Izohga hojat bo‘lmasa kerak?!
To‘g‘ri, shifokorlar uchun u erkakmi, ayolmi, bemorni davolashdan boshqa maqsad yo‘q. Lekin Sharq xalqlari ma’naviyatining o‘ziga xosligi, qolaversa, talabi ham bor.
"Ayollarni davolashga ayol kadrlar yetishmaydi. Homilador ayollar, yuragini EXO qildiradigan bemorlarni davolash, jarrohlik amaliyotini o‘tkazishda asosan erkak shifokorlarni uchratasiz, – deydi qo‘shtepalik Gulnora Ro‘zimatova. – Ota onalarga murojaat qilmoqchimanki, qizlarimizni, xirurg, ginekolog, terapevt qilib, tibbiyot institutlarida o‘qitaylik".
Ha, bemorning yaqinlari, ayniqsa, jarrohlik amaliyoti, tana ko‘rigi bilan bog‘liq muolajalarda ayol shifokorlar bo‘lishini istaydi. Sohada ayol ginekologlarning kamligiga sabab, 6 yil o‘qigandan so‘ng ginekolog bo‘lish uchun yana 3 yil davomida magistraturada o‘qishi lozim.
Qizlarni turmushga bergandan keyin esa amaliyotga kirishish u kelin bo‘lib tushgan oiladagi muhitga ham bog‘liq.Turmush o‘rtog‘i, qaynonasi uni qo‘llab-quvvatlasa, sharoit yaratib bersa, mutaxassis ayol shifokorlar ko‘payadi.
Muhammadjon Obidov