Ayol onalik huquqidan nega mahrum bo‘ldi?
Ayolga hayoti davomida ato qilinadigan ne’matlarning eng yaxshisi nima? Albatta, bu – onalik!
Ona bo‘lishning quvonchi ham, tashvishi ham hamma narsadan totli. Ammo hayotda buni anglamaydigan kimsalar ham bor...
Poytaxtlik erkak va ayol qonuniy nikohdan o‘tmasdan 2005 yildan 2007 yilga qadar birgalikda yashab kelgan. 2007 yilda ular farzandli bo‘lgan. (Qizni shartli ravishda Munisa deb ataymiz).
Ammo Munisa na otaga, na onaga kerak bo‘ldi. Ota ayolni farzandi bilan birga tashlab ketdi. Yolg‘iz qolgan ona esa bolaga yaxshi qaray olmaydi. Qizaloq to‘rt yoshga kirganda uni Mehribonlik uyiga topshiradi.
– Shu bo‘yi ayol qizidan xabar olmagan, – deydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudining sudyasi Shahnoza Zayniyeva. – Shu sababli, tuman prokurori voyaga yetmagan qiz manfaatida javobgarga nisbatan onalik huquqidan maxrum qilish va aliment undirish to‘g‘risidagi sudga da’vo arizasi kiritdi. Aniqlanishicha, Munisa hozirda ham Mehribonlik uyida yashaydi. Undan onasi biror marta ham xabar olmagan. Bunday holatlarda Oila kodeksining 79- va 80-moddalariga asoslanib ayol onalik huquqidan mahrum qilinishi lozim. Sudning hal qiluv qarori bilan da’vo to‘liq qanoatlantirildi. Bundan oldin qizning otasi ham otalik huquqidan mahrum qilingan.
Konstitutsiyaning 77-moddasiga ko‘ra, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.

Oila kodeksining 79-moddasiga asosan, ota-ona, ota-onalik majburiyatini bajarishdan bosh tortsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinadi.
Oila kodeksining 96-moddasiga ko‘ra, ota-ona voyaga yetmagan farzandiga moddiy yordam berishi shart. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.
Shunga ko‘ra sud javobgardan voyaga yetmagan qizining ta’minoti uchun Mehribonlik uyi foydasiga har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining ¼ qismi miqdorida aliment undirishni lozim, deb topdi.
O‘z navbatida javobgar ayol qizi Munisaga nisbatan onalik huquqidan mahrum qilindi.
Aytib o‘tish kerakki, yosh avlodning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, ayniqsa, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va yetim bolalar uchun jamiyatda teng huquqli fuqarolar sifatida yashash sharoitlarini yaratish har bir davlatning muhim ijtimoiy vazifalaridan biridir.
Mamlakatimizda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularni jamiyatga to‘liq integratsiya qilishni ta’minlash maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganligi sababli oilasidan olingan bolalarni muqobil joylashtirish shakllarini takomillashtirish hamda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarning jamiyatga integratsiyasini ta’minlash maqsadida Prezidentimizning 2024 yil 14 noyabrda “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonning qabul qilinishi bilan bir qator ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim tomonidan oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha choralar ko‘rilishi zarur. 2025 yil 1 yanvardan boshlab Mehribonlik uylari va Bolalar uylariga kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini vaqtinchalik qabul qilish tartibi bekor qilindi.
Og‘ir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari ko‘magisiz qolgani natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun 2025 yil 1 fevraldan boshlab Bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bunda, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar va ularning 4 yoshga to‘lmagan bolalari 1 yilgacha bo‘lgan muddatga ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana bilan ta’minlanadi.
Tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar masalalari bo‘yicha vasiylik va homiylik komissiyalari faoliyati tugatildi. 2025 yil 1 fevraldan boshlab “Inson” markazlari bolani vasiylikka, homiylikka va farzandlikka olishdan boshqa muqobil joylashtirish shakllari bo‘yicha joylashtirilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning qonuniy vakili hisoblanadi.
Jamiyatdagi og‘riqli masalalardan biri bo‘lgan aliment to‘lashda ota yoki onaning moddiy ahvolidan qat’i nazar, davlat yoki nodavlat muassasalarning to‘liq ta’minotida bo‘lgan voyaga yetmagan bolaga to‘lanayotgan aliment miqdorini sud tomonidan kamaytirish yoki uni aliment to‘lashdan ozod qilish tartibi bekor qilindi. Bolaga tayinlangan aliment miqdorini kamaytirish to‘g‘risidagi ishlarni sudda ko‘rib chiqishda bundan keyin “Inson” markazlari jalb etiladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu islohotlar bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash, rivojlanishi va shaxsiy erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan. Bu jamiyatning ijtimoiy barqarorligini ta’minlashga, bolalarning to‘laqonli hayot kechirishiga xizmat qiladi. Muhimi, yangi choralar yuqoridagi kabi holatlar kamayishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA