"Ayol ma’rifati" jamoatchilik kengashi tashkil etildi
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida xotin-qizlarning ma’naviy-ma’rifiy faolligini oshirish, ijodkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda faol ayollar safiga yangi kuchlarni jalb etish maqsadida “Ayol ma’rifati” ilmiy-ijodiy xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etildi.
Ushbu kengashga tumandagi barcha mahallalardan ma’rifatli, faol va ijodkor bo‘lgan 20 nafar ayol a’zolikka qabul qilindi. Tashkiliy yig‘ilishda tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Mehriniso Eshonxonova so‘zga chiqib, jamoatchilik kengashining maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berdi.

Tadbirda tuman tayanch guruhi rahbari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Noriniso Qosimova ham ishtirok etib, kengash a’zolarining kelgusida amalga oshiradigan ishlari, jumladan, yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, kitobxonlik tadbirlari, ijodiy seminarlar tashkil etish kabi tashabbuslar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

– Jamiyat rivojida ayolning, onaning o‘rni beqiyos. Agar ona ziyoli bo‘lsa, farzandini ham ilmga, ma’rifatga boshlaydi. Kitobga muhabbat uyg‘otadi, uni katta maqsadlar sari ilhomlantiradi, – dedi Noriniso Qosimova o‘z nutqida.
Yig‘ilish yakunida kengash a’zolari uchun seminar-trening tashkil etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri