Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida “Ayol, biznes, innovatsiya” mavzusida respublika o‘quv seminari va “Yangi O‘zbekistonning tadbirkor ayollari” mavzusida ilmiy ishlanmalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikadagi barcha oliy o‘quv yurtlarining taniqli professor-o‘qituvchilari, tadbirkor ayollar va iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Dastlab ishtirokchilar ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanib, ilmiy loyihalar, innovatsion yangiliklari bor professor-o‘qituvchilar ishlarining ko‘rgazmasi bilan tanishishdi.
Tadbirda Qoraqalpoq davlat universiteti “Menejment va iqtisodiyot asoslari” kafedrasi dotsenti, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Biybisara Yerejepova “Innovatsion iqtisodiyot sharoitida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash”, “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi professori vazifasini vaqtincha bajaruvchi, psixologiya fanlari doktori (DSc) Nargiza Sagindikova “Mamlakatimiz taraqqiyotida xotin-qizlarning teng ishtiroki va hissasi”, "Arxeologiya" kafedrasi dotsenti Nargiza Seytimbetova "Qoraqalpog‘iston tarixini o‘rganishda olima ayollarning roli" mavzularida ma’ruzalar qilishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtalishdi.
Prezidentimizning joriy yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish, ularni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish hamda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etish joriy yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi. Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish, mahalliy va xalqaro elektron platformalarda xotin-qizlarga o‘z mahsulotlarini joylashtirish va sotishga yordam berishni nazarda tutuvchi “Hamkor tadbirkor” dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Ishtirokchilar tomonidan tadbirkor ayollarga berilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanish, bu borada olima ayollarning faolligini oshirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Seminar yakunida esa o‘z ilmiy ishlari va loyihalari bilan faol ishtirok etgan olima ayollar maxsus sertifikat hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlanishdi.
[gallery-25706]
Tadbir universitetning iqtidorli yoshlari ijrosidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA