Ayol bir gul, eʼtiborga, daldaga muhtoj
Zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar bilan ishlash qanday olib borilmoqda?
Zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar bilan ishlash qanday olib borilmoqda?
Hozirgi vaqtda ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, oilaviy muammolari va turmushida zoʻrlik ishlatilishiga duch kelgan fuqarolarni aniqlash hamda ularga shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy yordam koʻrsatish maqsadida yurtimizda “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Bugun Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Elmira Basitxanova mazkur markazning Jizzax viloyat hududiy boʻlinmasi ish faoliyati bilan tanishdi hamda u yerda ijtimoiy yordam koʻrsatilayotgan xotin-qizlar bilan olib borilayotgan ishlarga doir oʻtkazilgan tadbirda ishtirok etdi. Tadbir davomida viloyatning Arnasoy tumanidan markazga olib kelingan qiz bilan suhbat olib borildi hamda unga “Himoya orderi” berish boʻyicha qaror qabul qilindi.
Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, hozirgi vaqtda mamlakatimiz boʻylab 200 dan ortiq xotin-qizlarga “Himoya orderlari” berilgan boʻlib, belgilangan bir oy vaqt davomida jabrlanuvchi bilan bogʻliq muammolar toʻliq bartaraf etilmasa, bu muddat oʻrnatilgan tartibda yana uzaytiriladi. Maʼlumotlarga koʻra, 1146 ishonch raqami orqali Reabilitatsiya markazi Jizzax viloyat filialiga qilingan murojaatlar asosida joriy yilning shu davriga qadar tazyiqqa uchragan 377 nafar xotin-qizlar muammolari boʻyicha ish olib borilgan. Ularning 31 nafari markazga olib kelinib, mutaxassislar tomonidan yordam koʻrsatilgan.
— Oʻtgan davr mobaynida Jizzax viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi bilan hamkorlikda 16 nafar ayolning bandligi taʼminlandi, 27 nafar fuqarolar oilasi bilan yarashtirildi, — deydi Jizzax viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Nazira Muxtorova. — Shuningdek, markazga murojaat qilgan 3 nafar ayolga uy-joy olish, 7 nafarining hujjatlarini qayta tiklash, 5 nafarini jamoatchilik ishlariga jalb etish boʻyicha amaliy yordam berildi.
Jizzax viloyat reablitatsiya boʻlimi rahbari Nazifa Mirzaliyevaning taʼkidlashicha, joriy yilning shu vaqtiga qadar markazga kelib tushgan 369 nafar zoʻrlik ishlatish, 8 nafar odam savdosidan jabrlangan xotin-qizlarning 216 nafariga huquqiy, 125 nafariga psixologik, 36 nafariga ijtimoiy-tibbiy yordamlar koʻrsatildi. Ayni vaqtda markazda vaqtincha yashayotgan 8 nafar xotin-qiz bilan ham barcha yoʻnalishdagi mutaxassislar muntazam ish olib borishmoqda. Shuningdek, ularga qoʻshimcha hunar oʻrgatish maqsadida tikuv sexi hamda qandolat mahsulotlarini tayyorlash sirlarini oʻrgatuvchi dars soatlari tashkil etilgan.
E.Basitxanova markazda yoʻlga qoʻyilgan mazkur ish tajribasini boshqa hududlarga ham namuna sifatida joriy etish taklifini bildirar ekan, jumladan, shunday dedi:
— Ayol — bir gul, eʼtiborga, daldaga muhtoj. Shunday ekan, respublikamizdagi har bir xotin-qiz davlatimiz himoyasida. Bu borada zoʻravonlikka, tazyiqqa uchragan xotin-qizlar uchun tashkil etilgan reabilitatsiya markazlarining ahamiyati juda katta. Bugungi kunda respublikamizdagi mavjud barcha 197 ta reabilitatsiya markazlarida asosan xotin-qizlarga nisbatan ishlatilgan zoʻravonlik, tazyiq holatlarini uchratyapmiz. Bizning maqsadimiz ularga doimiy ravishda psixologik, tibbiy, ruhiy, huquqiy yordam berish.
E.Basitxanova oʻz soʻzi davomida mazkur markazda faoliyat yuritayotgan uch nafar xodimga Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tarkibidagi Jamoat fondi tomonidan oylik ish haqi toʻlab berilishi hamda bu ragʻbat ularning yana-da samarali ish olib borishlari uchun muhim eʼtibor boʻlishini taʼkidlab oʻtdi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash
vazirligi Matbuot xizmati