Ayol baxtidan olam munavvar bo‘ladi
Ayol – go‘zallik, ko‘rkamlik, nafosat timsoli, hayotni yaratuvchi, yangilovchi, borliqni o‘zgartiruvchi qudratli kuch, oilaning, jamiyatning mustahkam tayanchi. Insoniyat paydo bo‘libdiki, qayerda jamiyat rivojlangan bo‘lsa, o‘sha joyda ayollar ulug‘langan, e’zozlangan, ehtirom qilingan bo‘ladi.
Bizning mamlakatimizda ham ayolga, xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat har doim yuqori. Xotin-qizlar haqida gapirganimizda ko‘z o‘ngimizda nafaqat oddiy ayol, ona degan buyuk shaxs siymosi gavdalanadi.
Zero, bugungi kunda yurtimiz aholisining qariyb yarmi – 18 milliondan ko‘prog‘ini tashkil etgan xotin-qizlarning manfaatlarini ta’minlash, jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.
Shu nuqtayi nazardan, xotin-qizlarning teng huquqligini belgilash, ularni jamiyatning faol a’zolariga aylantirish, ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishini ta’minlash, zo‘ravonliklardan asrash borasida jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlarning sifatli ta’lim va tarbiya olishiga alohida e’tibor qaratilayotganini hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Bundan 7-yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu raqam qariyb 5 barobar ko‘payib, 500 mingdan ham ortib ketdi. Oliy ta’lim olayotgan talabalar orasida qizlarning ulushi 50 foizga yetdi, bundan tashqari, amalga kiritilgan yangi tartibga muvofiq, magistraturada o‘qiyotgan 10 mingdan ortiq talaba qizning kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab berildi, 65 mingdan ko‘proq talaba xotin-qizga foizsiz ta’lim krediti ajratildi.
Albatta, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish yurtimizdagi har bir insonning, ayni paytda ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ma’rifiy yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan tashkilotlar oldida turgan nihoyatda mas’uliyatli vazifa hisoblanadi.
Mamlakatimiz ijtimoiy hayotida ro‘y berayotgan bu yangilanishlar, xotin-qizlarning haq-huquqlarini qonuniy himoya qilish bilan bog‘liq masalalarni hal etish “Adolat” sotsial-demokratik partiyamiz faoliyatida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ya’ni, partiyamiz tomonidan jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlar faolligi va rolini oshirish, ularning ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, ayollarni passiv kuzatuvchi emas, balki mamlakatda ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisiga aylantirish maqsadida qator loyihalar amalga oshirildi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, bugungi kunda partiyamiz a’zolari 635 083 nafarni tashkil etib, shundan 325 873 nafari, ya’ni 51 foizi xotin-qizlardir. 2023-yil davomida safimizga 33 394 nafar xotin-qiz qabul qilindi.
Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolarining 13 nafarini (62 foiz), partiyaning xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlarning 255 nafarini (31 foiz), partiyamiz a’zosi bo‘lgan senatorlarning 3 nafarini (33 foiz) xotin-qizlar tashkil etadi. Partiya tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning 99 nafari (25 foiz) xotin-qizlardan iborat.
O‘tgan yilda partiya tomonidan “Bir adolatchi – yuz ayolga himoyachi” loyihasi doirasida “Ayol huquqlarini ta’minlash – tenglik tamoyilining muhim omili”, “Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish – davr talabi”, “Ilmli, ma’rifatli xotin-qizlar – mamlakat kelajagining mustahkam poydevori”, “Davlat va jamiyat rivojida xotin-qizlarning ilmli va ma’rifatli bo‘lishining tarixiy tajribasi”, “Siyosiy partiyalarda gender tengligini ta’minlash va xotin-qizlarning siyosiy partiyalar faoliyatida ishtirokini qo‘llab-quvvatlash” kabi mavzularda jami 1 580 marta uchrashuv, davra suhbatlari tashkil etildi. 108 ming nafar xotin-qizlar bilan suhbat olib borildi. Suhbatlar davomida 200 nafar zo‘ravonlikka uchragan ayollarga himoya orderi olib berishga erishildi. Kasb-hunar o‘rganishni xohlagan 3 000 nafar xotin-qizlar shu sohaga yo‘naltirildi.
Partiyaning deputatlik guruhlari Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalari kun tartibiga xotin-qizlarning muammolari yuzasidan jami 65 ta masala kiritishga va yechimi bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilishga erishdi. Xalq vakillari – deputatlar aralashuvi bilan “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1301 nafar xotin-qizlar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazilib, ularni qiynayotgan 929 ta muammo hal etildi.
Shuningdek, partiyaning “Bir oyda bir ish o‘rni” loyihasi doirasida respublikaning barcha hududiy Kengashlari faollari va deputatlari ko‘magida 1475 nafar ishsiz xotin-qiz ishga joylashtirildi.
Albatta, bular partiya tomonidan amalga oshirilgan ishlarning bir qismi. Biz ayollarni jamiyatimizning faol shaxslariga, o‘z haq-huquqlariga ega fidoyi insonlariga aylantirishimiz uchun kelgusida bu yo‘nalishda yanada ko‘proq ishlarni qilishimiz kerak. Shu sababli bu borada bir qancha rejalar belgilab olganmiz.
Avvalo, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy-siyosiy maqomini yanada oshirish, ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirish, gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladik.
Jamiyatda oilalar tinchligi va farovonligiga erishish, farzandlar tarbiyasida kattalarning o‘rnini anglatishga ko‘maklashish maqsadida xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha huquqiy savodxonlikni oshirish yuzasidan seminarlar tashkil qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, ishsiz xotin-qizlarning ishga joylashishlariga ko‘maklashish maqsadida partiyaning “Bir oyda bir ish o‘rni” loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda har chorakda mehnat yarmarkalari tashkil etish, “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida xotin-qizlar o‘rtasida turli sport musobaqalarini uyushtirish kabi vazifalarni o‘z oldimizga maqsad qilib olganmiz.
Shu bilan birga, saylovchilar bilan elektron muloqot qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, xotin-qizlar va yoshlar bilan aloqani yanada mustahkamlash, ularning muammolarini hal qilishga ko‘maklashish maqsadida partiyaning aloqa platformasini yaratish, telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali murojaatlar uchun botni ishga tushirish belgilangan.
Umuman olganda, yurtimizda ayollar haq-huquqlarini himoya qilish, ular uchun gender tenglikni ta’minlash borasida rejalarimiz ko‘p. Asosiy maqsadimiz ularni amalga oshirishdan iborat.
Biz hamisha bir haqiqatni unutmasligimiz kerak, ya’ni har qanday buyuk insonlar ortida fidoyi onalar, rafiqalar, ulug‘ ishlarni qilishga qodir ayollar turadi. Shunday ekan, yurtimizning istiqboli uchun, bu istiqbolli kelajakni yaratuvchi buyuk insonlarni kamolga yetkazish uchun ayollarni e’zozlashimiz, ularning haq-huquqlarini himoya qilishimiz, gender tenglikka amal qilgan holda ularni ilmli, ziyoli, fozila, jamiyatning faol insonlariga aylantirishimiz kerak. Buning uchun, avvalo, xotin-qizlarimizning o‘z haq-huquqlarini anglab yetishlari uchun keng yo‘l ochib berishimiz zarur. Ya’ni, nevaralarimiz maktabgacha ta’lim muassasalaridan, qizlarimiz maktablardan boshlab yuksak tarbiya, huquqiy ta’lim olishlari lozim. Toki ular atrofdagilar har qanday zulm yo‘lini tutsalar yoki zo‘ravonlik qilsalar, bunga jim turmasdan o‘z haq-huquqlarini himoya qilishi va o‘ziga nisbatan hurmat shakllantirilishini o‘rganishi kerak. Bolalar tarbiyasiga va kattalar qalbiga barcha qizlarni, ayollarni o‘zining onasi, opasi yoki singlisi kabi hurmat qilish, ularni himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, xotin-qizlarni jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida e’zozlash ruhini singdirish zarur. Bu, ayni paytda, barchamizning umumiy ishimizga aylanishi shart.
Zero, xotin-qizlarning huquq va manfaatlari ta’minlangan jamiyatda, albatta, tinchlik, farovonlik, adolat, erkinlik bo‘ladi. Jamiyat taraqqiy etadi, yuksaladi, bir so‘z bilan aytganda, ayol baxtli bo‘ladi. Baxtli ayol butun jamiyatni, olamni munavvar qiladi.
Robaxon Mahmudova,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Siyosiy kengashi raisi.