Ayni damda “Qamchiq" dovonidagi vaziyat qanday?
Toshkent hamda Namangan viloyatlari hududlaridan o‘tuvchi 3.10 km umumiy foydalanishdagi yo‘lning 185-285 km oralig‘i Qamchiq dovoniga to‘g‘ri keladi. 3.10 km umumiy foydalanishdagi yo‘lning 129 km xalqaro ahamiyatdagi yo‘l, 81.3 km davlat ahamiyatidagi hamda 90 km mahalliy ahamiyatdagi yo‘l hisoblanadi. Ushbu avtomobil yo‘li orqali transport vositalarining bexatar-beto‘xtov xarakatlanishini ta’minlash maqsadida yillar davomida avtomobil yo‘li takomillashtirib borilgan. Avtomobil yo‘lining 193-267 km. qismida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Sement-beton qoplamalar bilan qoplangan.
Bugungi kunda “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish korxonasi” unitar korxonasida yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida 1 ming 23 nafar ishchi-xodim faoliyat olib boradi. Korxona 131 dona maxsus transport vositasi bilan ta’minlangan.
Mamlakatimizga sovuq ob-havo va yog‘ingarchilik mavsumi kirib kelishi bilan hududda avtomobillarning harakatlanishi qiyinlashadi, xodimlarning mashaqqatli yumushlari ortib boradi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda A373 “M39 a/y. —Guliston—Bo‘ka—Angren—Qo‘qon va Andijon orqali O‘sh” avtomobil yo‘lining “Qamchiq" dovonida havo bulutli. 171—260 km oralig‘ida vaqti-vaqti bilan qor yog‘ib o‘tmoqda. Sovuq havo tufayli quyuq tuman tushgan. Shu sababdan yo‘lda ko‘ruvchanlik darajasi yomonlashgan.

FVV, YPX va "Qamchiqavtoyo‘l" IYFUK xodimlari hamkorligida yo‘lni qordan tozalash ishlari olib borilmoqda. Dovondagi vaziyat to‘liq nazorat ostida, ikki tomonlama avtomobillarning xavfsiz harakati davom etmoqda.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 12 dekabrida A373 “M39 a/y. —Guliston—Bo‘ka—Angren—Qo‘qon va Andijon orqali O‘sh” avtomobil yo‘lining 245-km. qismi "Vodiy—Toshkent" yo‘nalishida yuk avtotransport vositasi nosozligi sababli avtotransport qatnov qismida to‘xtab qolgan. Shu sababli avtotransportlar harakati sekinlashgan. Tegishli tashkilotlar bilan vaziyat zudlik bilan bartaraf etilgan va avtotransport vositalari ikki tomonlama xavfsiz harakatlanishi ta’minlangan. Ayni vaqtda yo‘llarda ko‘rish darajasi 1000 metrni, shamol 13—24 m/s.ni, havo harorati - 8 darajani, namlik 66 % ni tashkil etmoqda.
“Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi” xodimlari dovon orqali harakatlanayotgan barcha haydovchilarga noqulay ob-havo sharoitini inobatga olgan holda, tezlikni me’yordan oshirmasdan, oraliq masofani saqlab harakatlanishini va barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishini tavsiya qiladi.
Hozirgi vaqtda yo‘llarda ko‘rish darajasi 300 metrni, tuman, shamol 7—15 m/s.ni, , havo harorati -3 darajani, namlik 77% ni tashkil etmoqda. Qor yog‘ib turgan paytda dovonda avtotransport vositalarining to‘xtovsiz ikki tomonlama harakatlanishini ta’minlash maqsadida "Qamchiqavtoyo‘l" IYFUK tomonidan yo‘l qoplamasida sirpanchiq bo‘lmasligi uchun tun-u kun mashina-mexanizmlar yordamida yo‘l qoplamasini qordan tozalash va qum-tuz aralashmasini sepish ishlari amalga oshirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA