Aydarko‘lda “Jizzakh Open Air – 2026” xalqaro turizm festivali o‘tkazildi
Aydarko‘l sohilida o‘tkazilgan “Jizzakh Open Air – 2026” xalqaro turizm festivali shunchaki ommaviy madaniy tadbir emas. U Yangi O‘zbekistonda hududlarning turistik brendini shakllantirish, zamonaviy infratuzilma yaratish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish hamda ichki va xalqaro turizmni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasi sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
Bugun mamlakatimizda turizm iqtisodiyotning eng istiqbolli tarmoqlaridan biri sifatida mutlaqo yangi mazmun bilan rivojlanmoqda. Endi gap faqat tarixiy obidalar yoki tabiiy manzillarni targ‘ib qilish haqida emas. Asosiy e’tibor hududlarning o‘ziga xos imkoniyatlarini yagona brendga aylantirish, zamonaviy infratuzilma barpo etish, xalqaro standartlarga javob beradigan turistik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va mamlakatning global turizm bozoridagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi “2025-2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni sohada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjatda mamlakatning barcha hududlarida zamonaviy turistik klasterlar tashkil etish, yangi turizm mahsulotlarini yaratish, ekologik va gastronomik turizmni rivojlantirish, xalqaro festivallar orqali O‘zbekistonning turistik brendini mustahkamlash ustuvor vazifalar sifatida belgilab berilgan.
Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi sohilida qad rostlagan zamonaviy “Aydarko‘l Resort” majmuasida tashkil etilgan “Jizzakh Open Air – 2026” xalqaro turizm festivali ana shu ezgu maqsadlarning hayotdagi yorqin ifodasi bo‘ldi. Tabiatning betakror go‘zalligi, zamonaviy muhandislik yechimlari, milliy qadriyatlar va xalqaro turizm talablari bir nuqtada uyg‘unlashgan mazkur maskan qisqa vaqt ichida nafaqat Jizzax viloyatining, balki mamlakat turizmining eng istiqbolli nuqtalari qatoriga qo‘shildi.
E’tiborlisi, bugun Aydarko‘l atrofida shakllanayotgan turistik muhit tasodifiy emas. Bu — uzoqni ko‘zlab ishlab chiqilgan davlat siyosati, izchil rejalashtirilgan infratuzilma va barcha mutasaddi idoralarning hamjihatligi samarasidir. Jumladan, Jizzax viloyati hokimligi, Turizm qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan mazkur xalqaro festival ana shu hamjihatlikning amaliy natijasi sifatida yuksak bahoga loyiq.
Shu o‘rinda Jizzax viloyati Turizm boshqarmasining sa’y-harakatlarini ham alohida ta’kidlash joiz. Keyingi yillarda boshqarma tomonidan viloyatning turistik salohiyatini tizimli targ‘ib qilish, yangi turistik yo‘nalishlar yaratish, xizmatlar sifatini oshirish, xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish va xususiy investorlarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. "Jizzakh Open Air – 2026" ana shu izchil mehnatning mantiqiy natijasi sifatida Jizzaxning nafaqat mamlakat, balki Markaziy Osiyodagi yangi turistik brendiga aylanish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
[gallery-30133]
Festivaldan — turistik brend sari
Aydarko‘l sohilida bir necha kun davom etgan "Jizzakh Open Air – 2026" xalqaro turizm festivali ishtirokchilar va mehmonlar uchun bayramona kayfiyat ulashgan yirik madaniy tadbir bo‘lish bilan birga, mamlakatimizda turizmni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarning amaliy natijasini namoyon etdi. Tabiatning noyob go‘shasi bag‘rida tashkil etilgan festival Jizzax viloyatining boy turistik salohiyatini mamlakatimiz va xorij jamoatchiligiga yana bir bor keng namoyish qildi.
Festivalning o‘ziga xos jihati shundaki, u turizmning deyarli barcha zamonaviy yo‘nalishlarini yagona maydonda mujassam etdi. Milliy madaniyat, hunarmandchilik, gastronomiya, sport, ekologik turizm, yoshlar ijodi va zamonaviy shou-industriya o‘zaro uyg‘unlashib, Aydarko‘l sohilini ulkan sayyohlik maskaniga aylantirdi.
Tadbir davomida respublikamizning barcha hududlari o‘z milliy pavilonlari bilan ishtirok etdi. Har bir pavilonda muayyan vohaga xos hunarmandchilik an’analari, amaliy san’at namunalari, milliy liboslar, xalq amaliy bezak san’ati va gastronomik meros namoyish etildi. Bu esa festivalni oddiy ko‘rgazma emas, balki mamlakatning boy madaniy xilma-xilligini aks ettiruvchi katta ijodiy maydonga aylantirdi.
Ayniqsa, gastronomik turizm pavilonlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekistonning turli hududlariga xos milliy taomlar, shirinliklar va an’anaviy mahsulotlar yurtimizning boy pazandachilik madaniyatini yana bir bor namoyon qildi. Bu esa keyingi yillarda mamlakatimizda gastronomik turizmga qaratilayotgan e’tibor o‘zining amaliy samarasini berayotganini ko‘rsatdi.
Festivalda hunarmandchilik sohasiga ham alohida o‘rin ajratildi. Bu yerda xalq amaliy san’ati bilan shug‘ullanayotgan yuzlab ustalar o‘z mahoratini namoyish etishdi. Ular uchun bu nafaqat mahsulotlarini taqdim etish, balki yangi hamkorlar topish, tajriba almashish va milliy hunarmandchilikni xalqaro maydonga olib chiqish imkoniyatini ham yaratdi.
Sirdaryo viloyati Hunarmandlar uyushmasi a’zosi M.Qo‘shboqova festivalning ana shu jihatiga alohida to‘xtalar ekan, quyidagi fikrlarni bildirdi:
— Biz festivalga ayollar uchun qo‘l mehnati asosida tayyorlangan zeb-ziynat buyumlari — sirg‘a, uzuk, bilaguzuk, zebigardon va munchoqlar bilan ishtirok etyapmiz. Bu yerda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan hunarmandlar, dizaynerlar, libos tikish ustalari va kichik biznes vakillari o‘z mahsulotlarini namoyish qilishmoqda. Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimida tashkil etilgan xalqaro festivalning yuksak saviyada o‘tayotgani barchada katta taassurot qoldiryapti.
Ushbu fikrlarda festivalning bosh g‘oyasi mujassam. Chunki bunday yirik xalqaro maydonlar nafaqat mahsulot sotish yoki ko‘rgazma o‘tkazish vositasi, balki hududlarning iqtisodiy faolligini kuchaytirish, milliy brendlarni shakllantirish va hunarmandchilik mahsulotlarini yangi bozorlarga olib chiqishning samarali mexanizmi hisoblanadi.
Festival doirasida yosh ijodkorlarga ham keng imkoniyatlar yaratildi. Maxsus musiqiy pavilonda gitarachi va dutorchi yoshlar tomonidan ijro etilgan jonli kuy-qo‘shiqlar milliy musiqa bilan zamonaviy ijro uslubini uyg‘unlashtirib, tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishladi. Bu chiqishlar ko‘plab xorijlik mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Tantanali ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev festival faqat bayram emas, balki hududning iqtisodiy rivojlanishi, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va turizm industriyasini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan muhim loyiha ekanini alohida ta’kidladi. Viloyat rahbari respublika hududlari tomonidan tashkil etilgan milliy pavilonlar bilan tanishar ekan, Jizzaxning boy tabiati, noyob turistik imkoniyatlari va mehmondo‘stlik an’analari kelgusida ham xalqaro hamkorlikni kengaytirishga mustahkam zamin bo‘lishini qayd etdi.
Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, gala-konsert boshlangunga qadar festivalga 100 mingga yaqin sayyoh va mehmon tashrif buyurishi kutildi. Bu raqamning o‘ziyoq "Jizzakh Open Air" qisqa vaqt ichida nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy sayyohlar orasida ham katta qiziqish uyg‘otishga muvaffaq bo‘lganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar fikricha, hududning turistik brendi aynan ana shunday xalqaro festivallar orqali shakllanadi. Chunki turist bir manzilga faqat tabiatni tomosha qilish uchun emas, balki o‘sha hududning madaniyati, milliy taomlari, urf-odatlari, hunarmandchiligi va zamonaviy servisini bir vaqtning o‘zida his etish uchun ham safar qiladi. Aydarko‘lda yaratilgan ana shunday muhit esa Jizzax viloyatining turizm sohasidagi yangi qiyofasini namoyon etdi.
Infratuzilma — barqaror turizm poydevori
Dunyo tajribasi bir haqiqatni tasdiqlaydi: turistik salohiyat qanchalik yuksak bo‘lmasin, zamonaviy infratuzilmasiz uning iqtisodiy samarasi to‘liq namoyon bo‘lmaydi. Shu ma’noda Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi atrofida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari hududni xalqaro turistik makonga aylantirishning mustahkam poydevorini yaratmoqda.
Bugun Aydarko‘l sohilida qad rostlagan zamonaviy “Aydarko‘l Resort” majmuasi ana shunday ezgu maqsadlar ro‘yobining yorqin namunasidir. Zamonaviy mehmonxona va xostellar, sanatoriy, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, oilaviy dam olish maskanlari hamda ekstremal va ekologik turizm uchun yaratilgan imkoniyatlar hududning turistik jozibadorligini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu yerda havo sharlarida parvoz qilish, kvadrotsikllarda sayohat, ot va tuyalarda sayr, paraplan, baydarka va boshqa suv attraksionlari tashkil etilgani mehmonlarga taklif etilayotgan xizmatlar ko‘lami tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Festival dasturidan o‘rin olgan plyaj voleyboli bo‘yicha Osiyo chempionati, mini-futbol, plyaj tennisi hamda suv sporti musobaqalari Aydarko‘lning nafaqat ekologik yoki oilaviy dam olish, balki xalqaro sport turizmi markaziga aylanib borayotganini ham namoyon qildi.
Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov ta’kidlaganidek, hududda transport va logistika infratuzilmasini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, turistlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladigan aeroport barpo etilishi hamda temir yo‘l tarmog‘ini bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar kelgusida Aydarko‘lga yetib kelish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bu esa nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlar uchun ham hududning jozibadorligini sezilarli darajada oshiradi.
Bunday keng ko‘lamli loyihalarni hayotga tatbiq etishda Jizzax viloyati Turizm boshqarmasining o‘rni ham alohida ahamiyatga ega. Viloyatning turistik salohiyatini targ‘ib qilish, yangi turistik mahsulotlarni shakllantirish, ichki va tashqi turizm bozorida Jizzax brendini mustahkamlash, turoperatorlar bilan hamkorlikni kengaytirish, festival va xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish yo‘lida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar bugun o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
E’tiborlisi, festival yakunlanganidan keyin ham uning ijtimoiy ahamiyati davom etdi. Faol yoshlar tashabbusi bilan festival hududi va ko‘l sohilida keng ko‘lamli obodonlashtirish hamda tozalash ishlari amalga oshirildi. Bu tashabbus tabiatga ehtiyotkor munosabatni shakllantirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish va turizmning barqaror rivojlanish tamoyillarini hayotga tatbiq etishning amaliy namunasi bo‘ldi.
Eng muhimi, "Jizzakh Open Air – 2026" xalqaro turizm festivali yana bir muhim haqiqatni namoyon qildi: Jizzax endi faqat tarixiy yo‘llar kesishgan yoki noyob tabiat bag‘rida joylashgan hudud emas. U yangi investitsiyalar, zamonaviy infratuzilma, xalqaro hamkorlik va yuqori sifatli turistik xizmatlar uyg‘unlashgan istiqbolli turistik markaz sifatida shakllanmoqda.
Aydarko‘l sohilida boshlangan bu ulkan o‘zgarishlar, shubhasiz, mamlakatimizda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq va uzoqni ko‘zlagan turizm siyosatining amaliy natijasidir. Bugun barpo etilayotgan har bir yangi ob’ekt, o‘tkazilayotgan har bir xalqaro festival va yaratilayotgan har bir turistik yo‘nalish ertangi iqtisodiy taraqqiyot, yangi ish o‘rinlari, aholi farovonligi va yurtimizning xalqaro nufuziga xizmat qilmoqda.
Shu ma’noda Aydarko‘lda o‘tkazilgan “Jizzakh Open Air – 2026” xalqaro turizm Festivali bir kunlik tantana sifatida emas, balki Yangi O‘zbekistonning turizm sohasidagi strategik taraqqiyot yo‘lini yaqqol ifoda etgan muhim voqea sifatida tarixdan munosib o‘rin egallaydi. Zero, bugun Aydarko‘l sohilida barpo etilayotgan turistik makon ertaga nafaqat Jizzax viloyatining, balki butun O‘zbekistonning jahon turizm xaritasidagi eng yorqin va eng nufuzli brendlaridan biriga aylanishiga mustahkam zamin yaratmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari