Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo‘lib, IX-X asrlarda Farg‘ona vodiysining poytaxti, Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan. Tarixiy manbalarda, xususan, buyuk mutafakkir, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub “Boburnoma” asarida bu kentning alohida ahamiyati haqida ko‘p yozilgan.
Prezidentimiz 2019-yil 28-fevralda Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Axsikent arxeologik yodgorligida bo‘lib, mazkur majmua butun O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatini oshirishda muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi. Axsikent majmuasi bosh rejasi, tadqiqot olib borilayotgan obyektlar, hududda barpo etiladigan turistik majmua loyihasi bilan yaqindan tanishib, qimmatli tavsiyalar berdi.


Xususan, mamlakatimiz rahbari Axsikent tarixini ilmiy asoslangan holda chuqur o‘rganish, ajdodlarimizning asl o‘tmishi haqida ma’lumotlarni to‘plash va yosh avlodga singdirish bo‘yicha tizimli ishlarni olib borish kerakligini alohida qayd etib: “Axsikent – buyuk tariximiz ko‘zgusi. Bobolarimiz yashagan, qahramonlik ko‘rsatgan bu manzilda tariximizni tiklash uchun juda katta manba, o‘tmish dalillari bor. Biz shu paytgacha faqat mashhur shaharlarimiz tarixini o‘rgandik, bunday joylarga e’tibor qilmadik. Ma’naviyatimizni yuksaltirmoqchi bo‘lsak, yoshlarimizni ota-bobolarimizning asl merosidan bahramand etib ulg‘aytirishimiz, xalqimizga yetkazishimiz kerak” dedi.


Haqiqatan ham, tarixiy manbalarda, xususan, “Boburnoma”da Axsikent haqida ko‘p yozilgan. Yer osti suv inshooti bo‘lgani bois shahar mudofaa uchun qulay sanalishi, u ark, ichki va tashqi shahardan iborat bo‘lgani aytilgan. Qadimdan shaharda shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan, necha bor bosqinchilar tomonidan butkul vayron qilingan bo‘lsa-da, doim qayta tiklangan, shaharda hayot davom etgan. Biroq 1620-yillarda sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida Axsikent butunlay moziy qa’ridan o‘rin olgan.
Bugunga kelib bir paytlar ulkan shahar, poytaxt hisoblangan Axsikent xarobalarining oltmish gektariga yaqini saqlanib qolgan bo‘lib, u Farg‘ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlik sanaladi. Uch ming yillik tarixga ega mazkur maskanning yangidan dunyoga yuz tutishida davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan alohida e’tibor muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hozir qadim tamaddun o‘chog‘ining X-XII asrlarda faoliyat yuritgan yer osti suv inshootlarining kuzatuv punkti, birinchi shahristonning XIII asr boshlariga oid Xorazmshohlar davrida qurilgan mudofaa devori va turarjoy qoldiqlari, XI-XII asrlarda pishiq g‘ishtdan qurilgan gumbazli tagxona va mahobatli turarjoy qoldiqlari, Farg‘ona vodiysida ilk bor topilgan Qoraxoniylar davri devoriy rasm namunalari mavjud.


Namangan viloyat tarixi va madaniyat davlat muzeyi ma’lumotlariga ko‘ra, IX-XII asrning boshlarida Farg‘ona – Axsikent shahrining ustasi farang hunarmandlari qattiq va yumshoq po‘latlar ishlab chiqarish sirlarini bilishgan. Ular tayyorlagan qilichlar Sharqda Xitoy va Janubi-g‘arbda xalifalik markazi Damashq bozorlarida sotilgan. O‘rta asrlarda butun Yevropaga “Damashq qilichlari” nomi bilan mashhur bo‘lgan qurollarning ma’lum bir qismi Axsikentda tayyorlangan.
Yodgorlikda keyingi yillarda qator tadqiqotlar olib borilib, beshta yangi obyekt “Ochiq osmon ostidagi muzey” uchun tayyorlandi va fundamental tadqiqotlar doirasida muhim kashfiyotlar qilindi. Xususan, birinchi shahriston xududidagi XI va XVIII obyektlarda Qoraxoniylar davriga oid boy-badavlat oilalarga tegishli mohobatli turarjoy qoldiqlari ochildi. Ushbu obyektlarda Farg‘ona vodiysida birinchi bo‘lib XI-XII asrlarga mansub devoriy rasmlar topildi. Sharqiy rabot xududidagi XXIV obyektda Qoraxoniylar davriga oid pishiq g‘ishtdan qurilgan mahobatli turarjoy qoldiqlari topib, o‘rganildi. Hatto binoning tagxonalari ham mayda pishiq g‘ishtlar yordamida geometrik shakllar bilan bezalgan.
– Aholi turarjoylarida oshxona, yuvinish xonasi, isitish sandallari, supalari va maxsus xo‘jalik o‘ralari mavjud bo‘lgan. Aholi zich yashagani uchun shaharda ikki qavatli uylar qurilgan. Uylarning yerto‘la qismi asosan pishiq g‘ishtdan qurilgan va oziq-ovqat omborlari vazifasini o‘tagan. Shuningdek, alohida yer osti inshootlari ham qurilgan, – deydi arxeolog olim Shukrullo Nasriddinov.


– Aholi turarjoylari qoldiqlaridan devoriy surat namunalari va o‘yma ganchli naqshlar ham topilgan. Demak XI-XII asrlarda Axsikent aholi turarjoylari devoriy suratlar bilan bezatilgan. Shuningdek, topilgan o‘nga yaqin sirli sopol idishlarda yozuvlar borligi aniqlandi. Ular naqshga o‘xshatib yozilgan hikmatli so‘zlar bo‘lib, “Fikr aytishga shoshilma”, “Baxt boylikda emas”, “Mehnat insonni ulug‘laydi” kabi iboralar ifodalangan.
X-XII asrlarda faoliyat ko‘rsatgan yer osti suv inshooti shoxobchasi qoldiqlari, eramizdan avvalgi III-I asrlarda qurilgan mahobatli mudofaa devorlari va yer osti suv yo‘li, XI-XII asrlarga oid mahobatli turarjoy qoldiqlari aniqlangan va qazuv obyektlarining ustini yopish va ochiq osmon muzeyiga aylantirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Axsikent va Axsini daryo yoqalab bog‘lovchi to‘rt kilometrlik masofada tarix va tabiat uyg‘unligida turizm yo‘li barpo etish ham o‘rin olgan bo‘lib, ayni paytda Turkiyaning “Evre-Geka” loyihachi tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan bosh reja asosida qurilish ishlari olib borilmoqda.
Bosh me’mor Guray Kaymak loyihasi asosida yodgorlik hududida to‘rtta ochiq osmon muzeyi qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Majmuaning birinchi sektorida barpo etiladigan amfiteatr, arxeologiya muzeyi, konferens zal loyihasi ham ishlab chiqilmoqda. Axsikent tez orada dunyo miqyosidagi katta tadbirlarni qabul qiladigan manzilga aylanadi. Joriy yilda mazkur yangi majmuada “Sharq taronalari” xalqaro musiqiy festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
E’tirof etish joiz, Prezidentimiz topshirig‘iga asosan Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish maqsadida tashkil etilgan “Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi” davlat unitar korxonasi tomonidan yurtimiz va xorijdagi sayyohlik ko‘rgazmalarida qadimiy Axsikentga oid taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
Buning samarasida mahalliy va xorijiy sayyohlar o‘rtasida tarixiy yodgorlikka qiziqish ortmoqda. Hozirga qadar Belgiya, Turkiya, AQSH, Avstriya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston kabi o‘nlab davlatlardan minglab sayyohlar tashrif buyurdi.
– Axsikentning hali tarix uchun ochilmagan qirralari bisyor. Qadim tarix yer ostida ko‘milib yotibdi. Bu yodgorlik viloyatimizda turizm imkoniyatini yuksaltirish borasida alohida o‘ringa ega, – deydi Axsikent arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi direktori Anvar Ikromov. –Namangan viloyati hokimi muntazam ravishda jarayon ketayotgan barcha obyektlarni ko‘zdan kechirib, me’mor va qurilish mas’ullariga tegishli tavsiya va topshiriqlar bermoqda. Har bir obyekt bir-biriga uzviy uyg‘unlikda barpo etilishi lozimligi, ana shu yo‘laklarni qurishda ham tarixiylik aks etishii kerakligi uqtirilmoqda. Eksponatlar uchun muzey va alohida saqlash xonalari qurilishi lozimligi e’tibordan chetda qolmaydi.
Qolaversa, Axsikent arxeologik majmuasi muhofaza hududi hamda amfiteatr, muzey, antik bozor va karvonsaroy quriladigan hududda buzilishga tushgan xonadonlarda ishlar ham yakunlanmoqda.

Darhaqiqat, Axsikentning buyuk tarixi qurilajak inshoot va infratuzilma obyektlarida aks etishi, majmuaga tashrif buyurgan har bir kishi o‘zini uzoq o‘tmishda yurgandek his etishi kerak. So‘ngi yillarda Axsikentdagi ilmiy-arxeologik ishlar ko‘lami dunyo miqyosiga chiqdi va bunda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi bo‘lim boshlig‘i, professor Abdulhamid Anorboyevning ulkan hissasi bor. Uning muallifligi ostida viloyat hokimligi tomonidan uchta tilda “Axsikent arxeologiya parki” kitob-albomi nashr qilinib, yurtimizdan tashqari Hindiston, Germaniya va Tojikiston davlatlarida taqdimotlari o‘tkazildi. Qolaversa, mana shunday olimlarning mehnati bilan Yangi Axsi majmuasining o‘zida ikki mingdan ortiq nodir qo‘lyozma to‘plandi va saqlanmoqda.
– Bu qadim manzildagi muzey, ilmiy markaz, hunarmandchilik ustaxonalari, kutubxona, ziyoratgoh va honaqohni o‘z ichiga olgan yirik majmua Axsikent yodgorligi bilan yaxlit uyg‘unlikda gavjum turizm maskaniga aylanadi, – deydi Axsi sayyidlari majmuasi rahbari Bilolxon domla Rustamov. – Bu yodgorlik majmuasini ilm, puxta yondashuv bilan barpo etish bo‘yicha Prezidentimizning alohida tavsiyalari bor. Mazkur arxeologik obyekt usti yog‘och konstruksiya asosida, yuqori chidamli material bilan yopiladi. Yengil konstruksiyali eksponatlar muzeyi va yodgorlikni yuqori qismi bilan ulovchi tarixiylikni o‘zida aks etuvchi so‘qmoq yo‘l loyihasi ham ishlab chiqilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, o‘z vaqtida nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun mintaqaning eng yirik poytaxt-shaharlardan sanalgan Axsikent yodgorligida tarixchi va arxeolog olimlar tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli tadqiqotlar, yopiq osmon ostidagi muzeyni barpo etish ishlari yurtimiz tarixi haqida yanada ko‘proq ma’lumotlar berish asnosida, viloyat hududida yangi turistik marshrutni yaratish, eng asosiysi, millatning boy tarixi yoritilishiga qo‘shilgan muhim hissa bo‘lib xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri