Axsikent – buyuk tariximiz ko‘zgusi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Dashtbog‘” kichik sanoat zonasida Namangan viloyatida yo‘l, transport, qurilish va kommunal infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari bilan tanishar ekan, Axsikent yodgorligini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish loyihasiga alohida e’tibor qaratdi.
– Axsikent – juda nodir yodgorlik. U yerdagi ishlarni ilm bilan, milliy g‘urur bilan, hurmat bilan qilish kerak. Bu joy «Namanganning Registoni» bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.
Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo‘lib, qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan. Tarixiy manbalarda, xususan, “Boburnoma”da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko‘p yozilgan. Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti bo‘lgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan.

Shahar Ark, ichki va tashqi shahardan iborat bo‘lgan. Bu yerda o‘z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. 1620 yillarga kelib zilzila oqibatida ulkan shahar vayron bo‘lgan.
bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo‘lib, Farg‘ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome’ masjidi, mudofaa devorlari, yer osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o‘rganilgan.
Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq 2017 yilda Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish bo‘yicha ulkan ishlar boshlandi. «Axsikent» arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

Mazkur yodgorlik Namangan viloyatining sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Yurtimiz va xorijdagi sayyohlik ko‘rgazmalarida qadimiy Axsikent haqida ham taqdimotlar o‘tkazilmoqda. Buning samarasida mahalliy va xorijiy sayyohlar o‘rtasida tarixiy yodgorlikka qiziqish ortmoqda. Hozirga qadar Belgiya, Avstriya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurgan.
– 2019 yilda Prezidentimiz Axsikent majmuasiga tashrif buyurib, yodgorlik bosh rejasi, uning tadqiqot olib borilgan ob’ektlari bilan tanishgan, Axsikentni turizm manziliga aylantirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. – deydi tarix fanlari doktori Abdulhamid Anorboyev. – Shu asosda tadqiqotlar olib borilib, 5 ta yangi ob’ekt “Ochiq osmon ostidagi muzey”ga tayyorlandi va fundamental tadqiqotlar doirasida muhim kashfiyotlar qilindi. Xususan, birinchi shahriston xududidagi XI va XVIII ob’ektlarda Qoraxoniylar davriga oid boy-badavlat oilalarga tegishli mohobatli turar joy qoldiqlari ochildi. Ushbu ob’ektlarda Farg‘ona vodiysida birinchi bo‘lib XI – XII asrlarga mansub devoriy rasmlar topildi. Sharqiy rabod xududidagi XXIV ob’ektda Qoraxoniylar davriga oid pishiq g‘ishtlardan qurilgan mahobatli turar joy qoldiqlari topib, o‘rganildi. Xatto, binoning tagxonalari ham mayda pishiq g‘ishtlar yordamida geometrik shakllar bilan bezalgan.
Davlatimiz rahbari Axsikent tarixini ilmiy asoslangan holda chuqur o‘rganish, ajdodlarimizning asl o‘tmishi haqida ma’lumotlarni to‘plash va yosh avlodga singdirish bo‘yicha tizimli ishlarni olib borish kerakligini ta’kidladi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA