Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Axsikent arxeologiya parki va Hindiston san’at muzeyi hamkorlik o‘rnatdi

Namangan viloyatidagi Axsikent arxeologiya parki va Hindistonning Salar Jang san’at muzeyi (Salar Jung Museum) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat asosida Haydarobod shahrida joylashgan yirik majmua bilan tajriba almashish, birgalikda ilmiy-tadqiqot olib borish ko‘zda tutilgan.

Axsikent arxeologiya parki direktori Anvar Ikrom va Salar Jang san’at muzeyi ilmiy rahbari Gansham Kusum ilmiy-amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Musi daryosi janubiy sohilida joylashgan dunyoga mashhur ushbu tarixiy maskan Hindistondagi uchta eng yirik, Milliy maqomga ega muzeylardan biridir. Majmuada Hindistondan tashqari Yaponiya, Xitoy, Birma, Nepal, Eron, Misr, shuningdek Turkiy davlatlar hamda Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlariga tegishli osori-atiqalardan tashkil topgan boy jamlanma hosil qilingan. Muzeyga yil davomida bir milliondan ko‘p odam kiradi.

– Buyuk Bobur yurtidan kelgan hamkasblarim bilan ko‘rishganimdan xursandman, – deydi doktor Gansham Kusum. – 140 yillik tarixga ega muzeyimiz Boburiylar davriga oid boy kolleksiyaga ega. Xususan, o‘zbek xalqining Navoiy, Bobur kabi mashhur namoyandalari ijodiga mansub nodir qo‘lyozmalarni ham asrab-avaylab kelamiz. O‘zaro hamkorlik mustahkamlanishi ushbu noyob boyliklarni birgalikda tadqiq qilish imkonini yaratadi.

Muloqot davomida hamkorlarga Axsikentda barpo etilayotgan yirik arxeologik maskan tarkibida Yangi Axsi osori-atiqalari va qo‘lyozmalarini jamlagan muzeylar majmuasi bunyodga kelishi xususida so‘zlab berildi.

Uchrashuv yakunida hindistonlik hamkorlarga “Axsikent arxeologiya parki” kitobi taqdim etildi.