Prezident tashrifidan so‘ng...
Mashinasida yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanayotgan haydovchi, yirik ishlab chiqarish korxonasida samolyot yig‘ayotgan robot, sohil bo‘yida quloqchinda musiqa eshitib o‘tirgan yigit...
Bu manzaralar ko‘z o‘ngimizda gavdalanar ekan hayotimiz tobora axborot texnologiyalariga bog‘lanib borayotganiga amin bo‘laveramiz. Qanday faoliyat bilan band bo‘lmaylik, hatto dam olayotganimizda ham zamonaviy ilm imkoniyatlaridan foydalanamiz.

Uzoqqa bormaylik – qo‘l telefonimiz, radio-televizorlar, elektron reklama bannerlari, svetoforlar, ish kompyuterlarimiz ma’lumot almashuvchi qurilmalar sanaladi. Ularsiz hayotni tasavvur qilib bo‘lmagani kabi, IT sohasi mutaxassislarisiz “aqlli” kelajakka yetib bo‘lmaydi.
Yoshlarni axborot texnologiyalariga qiziqtirish, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish yurt ravnaqiga daxldor masala. Shu jihatni inobatga olgan holda mamlakatimizda zamonaviy kadrlar tayyorlash siyosatini yuritish, shu yo‘nalishga yetarli sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugun O‘zbekistonda IT kompaniyalari soni ikki mingtadan ortib ketdi. Muhimi, ularda o‘ttiz ming nafar mutaxassis yaxshi daromadli ish bilan band. Bu raqamning salmog‘ini tasavvur qilish uchun yetti yil oldin bunday kompaniyalarning soni bor-yo‘g‘i 147 ta bo‘lganini aytish kifoya.
Yana bir statistika – Yangi O‘zbekistonda yetmish ming nafardan ziyod yigit-qiz axborot texnologiyalari bilan mustaqil shug‘ullanyapti. Ular orasida avval Amazon kompaniyasida ishlagan, bugun yurtga katta sarmoya kiritib, yirik loyihalarga bosh-qosh bo‘layotgan qoraqalpog‘istonlik Beknazar Abdikamalovga o‘xshagan yoshlar ko‘p.
Prezidentimiz 19 avgust kuni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining Qoraqalpog‘iston filialini borib ko‘rdi. Ushbu tashrifdan keyin Beknazar Abdikamalov bilan suhbatlashdik.
Darhaqiqat, Qoraqalpog‘istonda IT-park rezidentlari soni o‘tgan yil yakuniga nisbatan bugungi kunda uch barobarga ko‘paygan. Joriy yilning birinchi yarmida xizmatlar hajmi ikki yarim barobarga ortgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bundan uch yil oldin hududga tashrifi chog‘ida IT-park uchun yangi bino qurish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Muhim tashabbus – amalda, o‘tgan davrda Nukus shahrida 78,4 milliard so‘m loyiha qiymatiga ega 17 qavatli zamonaviy bino bunyod etildi.
– Axborot texnologiyasining imkoniyatlaridan keng foydalanadigan dunyodagi yetakchi kompaniyalarda tajriba orttirganmiz, – deydi Beknazar Abdikamalov. – O‘zbekistonda ham keyingi yillarda bu sohaga e’tibor ortdi, ishlash uchun barcha sharoit yaratib berildi. Shundan so‘ng yurtga qaytib, shu yerda faoliyat yuritish niyati paydo bo‘ldi. Bu o‘zgarishlarga oz bo‘lsa-da hissamni qo‘shishni istadim. Hozir HUPO startapiga 4 million dollar sarmoya jalb qilganmiz. Prezidentimiz bilan muloqotda qilayotgan ishlarimiz, kelgusidagi rejalarimiz haqida so‘zlab berdim. Davlatimiz rahbari tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatladilar. Bu bizga yanada kuch-g‘ayrat berdi. IT-parkning mana shunday muhtasham binoda ish boshlashi katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu binoga kirgan mutaxassisning ishchanlik kayfiyati oshadi. Yangi-yangi tashabbuslar bilan chiqadi deb o‘ylayman. Bu yerda axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim va kovorking markazlari, ofislar, konferensiya zali hamda xizmat xonalari mavjud. IT-park rezidentlari, sohada faoliyat olib borayotgan investorlar, chet ellik autsorsing korxonalar ham joylashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, dastlab ikki qavatli binoda ochilgan IT-park bugun osmono‘par, muhtasham majmuaga o‘tkazilgani soha rivoji uchun muhim ahamiyatga ega. Turli sohalarda O‘zbekiston yoshlari namuna ko‘rsatmoqda. Zamonaviy ilm, intellekt borasida o‘zimizni mas’ul deb bilamiz, deydi bu yerda ish boshlagan yoshlar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wzaOH0vUlw8" title="Avval Amazon kompaniyasida ishlagan IT mutaxassisi Beknazar Abdikamalov bilan suhbat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ikrom AVVALBOEV,
Rustam NAZARMATOV(surat),
O‘zA