Axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida erkin va ochiq dasturiy ta’minot masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Janubiy Koreya forumi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida erkin va ochiq dasturiy ta’minot masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Janubiy Koreya forumi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda ikki mamlakatning aloqa, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, dasturiy ta’minot va elektron mahsulotlar ishlab chiqarish kabi qator sohalarga ixtisoslashgan kompaniya va konsernlari, vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, ishbilarmonlar, olimlar, yetakchi ekspertlar hamda nufuzli ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari A.Fayzullayev va boshqalar O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori axborot texnologiyalari sohasida ham izchil rivojlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Prezident Pak Kin Xening 2014-yil iyunda O‘zbekiston Respublikasiga va Prezident Islom Karimovning 2015-yil mayda Koreya Respublikasiga davlat tashriflari o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga mazkur davlat tashrifi davomida ko‘plab sohalar qatori axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir hujjatlar qabul qilindi.
Bugungi kunda jahonda yalpi ichki mahsulotning taxminan 5,5 foizi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Mutaxassislar 2020-yilda bu ko‘rsatkich 9 foizdan oshishini ta’kidlamoqda. Ayni paytda Koreya Respublikasining yalpi ichki mahsulotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ulushi 11,8 foizdan ziyodni, Shvetsiyada 7 foizni, Amerika Qo‘shma Shtatlarida 6,8 foizni tashkil etadi.
Koreya Respublikasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida dunyoda yetakchi mamlakatlardan hisoblanadi. Mamlakatimizda ham bu soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi asosida izchil ishlar amalga oshirilmoqda, barcha jabhalarga zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni davlat organlari faoliyatiga AKTni tatbiq etish va elektron hukumat tizimini takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Sohada qator dasturlar va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuridik va jismoniy shaxslarga ko‘plab xizmatlar ko‘rcatilayotir. Bu jarayonda kommunikatsiya tarmoqlari texnik va texnologik qayta jihozlanib, interaktiv xizmat ko‘rsatish sifati ortib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan Koreya Respublikasi Fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kelajakni rejalashtirish vazirligi o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Janubiy koreyalik mutaxassislar yurtimizda “elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashmoqda.
Toshkent shahrida Inxa universiteti filialining tashkil etilishi bu boradagi hamkorlik ko‘lami va istiqbolining yorqin ifodasi bo‘ldi. Mazkur oliy o‘quv yurtida talabalar dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqarish, axborot tizimlari va komputer tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlar darajasida ta’lim olmoqda. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzurida “Elektron hukumat” o‘quv markazi, O‘zbekiston –Janubiy Koreya axborot texnologiyalari markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2012-yilning oktabrida axborotlashtirish sohasida O‘zbekiston – Janubiy Koreya kengashi o‘z faoliyatini boshladi.
– O‘zbekistonda yuqori texnologiyalar sohasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani sohani yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda, – dedi Koreya Respublikasi Axborot texnologiyalari sanoatini rag‘batlantirish milliy agentligi prezidenti Yun Jong Lok. – Mamlakatingizda erkin va ochiq dasturiy ta’minotdan foydalanishni izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Mazkur forum sohaga oid vazirlik va idoralar, kompaniyalar va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ochiq dasturiy ta’minotni izchil joriy etish, texnologik tendensiyalarni yanada rivojlantirish, yangi biznes g‘oyalarini yaratishga xizmat qiladi.
Forumda mehmonlarga mamlakatimizda AKT sohasini rivojlantirish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi. Janubiy koreyalik mutaxassislar O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlari va jamiyat hayotiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, IT-sanoati strategiyasini yanada takomillashtirish, texnologiyalar va infratuzilmalarni rivojlantirish, sohada kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi.
Tadbirda dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish va eksport qilish, bu borada Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasini o‘rganishga alohida ahamiyat qaratilayotgani qayd etildi.
Forum ishtirokchilari erkin va ochiq dasturiy ta’minotni joriy etish va jahon tendensiyalari, biznes vakillari bilan oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida yuqori malakali IT-mutaxassislarini tayyorlash borasidagi hamkorlik, AKTni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, mazkur tarmoqning iqtisodiyotni rivojlantirishda tutgan o‘rni kabi masalalar yuzasidan fikr almashdi.
O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqbollari, tarmoqda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.