Huquqiy munosabat
Bugungi taraqqiy etgan jamiyatimizda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bilan birga ma’lumotlarni qayta ishlash hajmi ham ortib bormoqda. Ularni himoya qilishning nafaqat huquqiy, balki institutsional, texnologik va madaniy jihatdan ham dolzarbligi ortib bormoqda.
Xo‘sh, buning oldini olishda qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi G‘ayrat Eshboyev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
– Mamlakatimizda raqamlashtirish jarayonlari kengaygan sari, kiberjinoyatlar (fishing, feyk qo‘ng‘iroqlar, bank firibgarligi va boshqalar) ham tez sur’atlarda o‘smoqda.
Davlatimiz rahbaring joriy yil 30 apreldagi “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori O‘zbekistonda kiberhimoya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining yangi bosqichga chiqishini ifodalaydi. Qarorning asosiy maqsadlaridan biri kiberxavfsizlik sohasidagi faoliyatni tizimlashtirish va davlat siyosatini samarali amalga oshirishdir.
Qaror bilan davlat organlari, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va barcha boshqa manfaatdor sub’ektlarga kiberjinoyatlarning oldini olish, aholining kibermadaniyatini oshirish va o‘z faoliyatida axborot xavfsizligi talablariga rioya qilish yuzasidan aniq vazifalar yuklatilgan.
Shuningdek, birinchi marta kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish to‘g‘risidagi umumlashtirilgan qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan bo‘lib, sohadagi tartibni qonun bilan mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qarorga ko‘ra, moliyaviy tashkilotlar mijozlarning moliyaviy manfaatlarini himoya qilish maqsadida “antifraud” tizimlariga ulanishi shart. Markaziy bank tomonidan 2025 yil 1 sentyabrga qadar barcha bank va to‘lov tizimi operatorlari tranzaksiyalarini yagona platformaga integratsiya qilish va markazlashgan antifraud tizimini joriy etish topshirilgan. Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi har oy yakunida qaysi bank va to‘lov tashkilotida eng ko‘p kiberjinoyat sodir etilgani haqida jamoatchilikka ma’lumot berib borishi kerak bo‘ladi.
Kibermadaniyatni shakllantirish maqsadida har yilning noyabr oyi Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi deb belgilangan. Bu davrda aholi orasida kiberjinoyatlarning yangi turlari va ulardan saqlanish usullari haqida keng ko‘lamli axborot kampaniyalari olib boriladi. Shuningdek, aholini ogohlantirish uchun internet va ijtimoiy tarmoqlarda maqsadli reklama xizmatlaridan bepul foydalanish imkoni yaratiladi.
Qarorda bolalarni kiberxavfsizlik tahdidlaridan himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Markaziy bank voyaga yetmaganlar uchun bank hisob raqamlari va kartalar ochish bo‘yicha talablarni ishlab chiqishi, shuningdek, ular bilan bog‘liq shubhali operatsiyalar haqida ota-onalarni xabardor qilish amaliyotini joriy etishi belgilangan.
Kiberjinoyatlarni fosh etish mexanizmlari ham qarorda muhim o‘rin tutgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bank sirlari bilan bog‘liq so‘rovlari va qarorlarini belgilangan muddatda amalga oshirish, bu jarayonni soddalashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilangan. Shu bilan birga, sohadagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish, moddiy zararlarni qoplash tartibini joriy etish nazarda tutilgan.
Ilmiy nuqtai nazardan, qaror kiberxavfsizlikni ta’minlashda ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, xorijiy tajribalarni o‘rganish va ularni amaliyotga joriy etish vazifalarini ham o‘z ichiga oladi. Bu esa kiberxavfsizlik sohasida ilmiy yondashuvni rivojlantirish, tahlillar asosida siyosat yuritish imkonini beradi. Ijro mexanizmlari bo‘yicha, qarorda mas’ul tashkilotlar – Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Markaziy bank va boshqalarning aniq vazifalari ko‘rsatilgan. Ularning faoliyati ustidan nazorat olib borish, qaror ijrosini sifatli ta’minlash va jamoatchilikni xabardor qilish choralari ham nazarda tutilgan.
Shu o‘rinda, ayrim mutaxassislar qaror ijrosi bilan bog‘liq ba’zi amaliy muammolarga e’tibor qaratishni taklif etmoqda. Masalan, qarorda moliyalashtirish manbalari, kadrlar tayyorgarligi, tizimni joylarda amalga oshirish mexanizmlari va fuqarolik huquqlarining muhofazasi bo‘yicha aniq huquqiy kafolatlar yetarlicha yoritilmagan. Bundan tashqari, ma’lumotlar bazalarining himoyasi, shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash tartibi va davlat idoralari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi bilan bog‘liq masalalarda huquqiy aniqlik talab etiladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu hujjat O‘zbekistonda kiberjinoyatchilikka qarshi markazlashgan, tizimli va profilaktikaga asoslangan siyosatni yuritish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi. Biroq uning samarali ijrosini ta’minlash uchun qo‘shimcha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, institutsional islohotlar, kadrlar tayyorgarligi va jamoatchilik bilan doimiy muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish zarur. Shu jihatdan, qaror huquqiy tadqiqotlar va qiyosiy huquq tahlillari uchun muhim empirik asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA