Poytaxtimizda Turkiy davlatlar tashkiloti media forumi bo‘lib o‘tdi.
Media forumning birinchi qismida “Axborot sohasida TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari” yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi.
TDT Kotibiyati tadqiqot eksperti Almagul Serkbayeva o‘z nutqida media va axborot sohasidagi hamkorlikni keng qirrali munosabatlar doirasida asosiy yo‘nalish sifatida rivojlantirish, axborot sohasidagi vazirlar yig‘ilishlarini, Ishchi guruh majlislarini har yili o‘tkazish, forumlar tashkil etish, seminarlar, o‘quv dasturlari va tajriba almashish tadbirlari orqali hamkorlikni kengaytirish borasida to‘xtaldi.
Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi boshqarma boshlig‘i Salqin Sarnoyeva Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar jurnalistlari assotsiatsiyasi Nizomi to‘g‘risida taqdimot qildi. Nizomda Assotsiatsiyaga a’zolik, uning maqsad va vazifalari, huquq va majburiyatlar, Assotsiatsiya tuzilmasi va boshqaruvi hamda boshqa masalalar qanday belgilanishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Ahror Burhonov o‘z ma’ruzasida TDTning axborot sohasidagi hamkorligini mustahkamlashning ahamiyatiga e’tibor qaratdi:
– Markaziy Osiyodagi tendensiyalar bilan tanish bo‘lganlarning aksariyati mintaqamiz umumiy muammolar sari birlashish va murosaga tayyorgarlik borasida namuna ko‘rsatganini yaxshi biladi, – dedi A.Burhonov so‘zi davomida. – Bu haqiqatan ham barchaning farovonligini ta’minlovchi noyob hodisadir. Ushbu o‘zgarishlar haqida eng aniq ma’lumotlarni yetkazish uchun TDTga a’zo davlatlardagi ommaviy axborot vositalarining sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimdir.
Forumning panel yig‘ilishida so‘zga chiqqanlar dezinformatsiyaga qarshi kurashish borasida erishilgan natija va yutuqlar, mavjud kamchiliklar, muammolar, ularga samarali yechim topishda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taqdimotlar qildi.
Raqamli asrda dipfeyk, kiberjinoyat va boshqa shakllarda tobora murakkablashib borayotgan dezinformatsion oqimlarga qarshi kurashish masalasi har qachongidanda dolzarbligi, aholi mediasavodxonligini oshirish samarali yechimlardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Xolis, dalillarga asoslangan, ishonchli axborotni tezkor yetkazishda ijtimoiy tarmoqlardan, sun’iy intellektdan oqilona va unumli foydalanish bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
– Dezinformatsiya oqibatlari ommaviy axborot vositalari doirasidan ancha chetga chiqadi, – dedi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Akromjon Fozilov. – U an’anaviy ommaviy axborot vositalari va institutlarga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi, ijtimoiy nizolarni keltirib chiqaradi, jamiyatning qutblanishini kuchaytiradi va odamlarning siyosat, sog‘liqni saqlash va ekologiya kabi muhim sohalarda asosli qarorlar qabul qilishiga to‘sqinlik qiladi.
Aytish kerakki, bugun TDTga a’zo davlatlarning axborot sohasi vazirlari va yuqori martabali mansabdor shaxslarining 6-yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tadi.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA