Axborot-kutubxona markazi yangi binoda
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida Navbahor tuman Axborot-kutubxona markazining zamonaviy yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, aholiga ma’naviy-ma’rifiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ayniqsa, yoshlarni kitob mutolaasiga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdilar.
Ikki qavatli, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan kutubxona qurilishiga “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida 1 milliard 300 million so‘m mablag‘ sarflandi. Shuningdek, kutubxona faoliyatini yanada samarali tashkil etish, kitobxonlarga munosib sharoit yaratish maqsadida zarur jihozlarni xarid qilish uchun mahalliy byudjet hisobidan 250 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Yangi binoda kitobxonlar uchun keng va shinam o‘quv zallari, adabiyotlar bilan tanishish va mutolaa qilish uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Bu esa markazning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlab, aholiga zamonaviy talablar asosida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Bugungi kunda markazning umumiy fondida 35 150 nusxa kitob mavjud bo‘lib, ulardan 9 ming nafardan ziyod kitobxon bahramand bo‘lmoqda.

Markaz xodimlari tomonidan aholiga xizmat ko‘rsatish qamrovini yanada kengaytirish maqsadida turli hududlar va muassasalarda kitobxonlik targ‘iboti yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘chma kutubxona xizmati orqali chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, yoshlar va kitobsevarlar uchun badiiy hamda ilmiy-ommabop adabiyotlardan foydalanish imkoniyatlari yaratilgan.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri