Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabar, kuzatuv va baholar berib boriladi. Bu jarayon mamlakatimizdagi islohotlar, iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va boshqa sohalardagi yangilanishlar xalqaro axborot makonida qanday aks etayotganini ko‘rsatadi.
Azertaj: O‘zbekiston Prezidentiga FAOning yuqori mukofoti topshirildi

Ozarbayjonning Azertaj agentligi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan ta’sis etilgan “Agricola” medali topshirilgani haqida xabar berdi.
O‘zbekiston hozirda FAO bilan 17 ta qo‘shma loyihani amalga oshirmoqda. Shuningdek, 2028–2029-yillar uchun birinchi marta FAO kengashiga a’zo etib saylangan. 7-oktabrdan Toshkentda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun Agro-innovatsiyalar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
BTA: Germaniya kompaniyalari O‘zbekistonda hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirmoqda

Bolgariya telegraf agentligi O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik va uni kengaytirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan uchrashuvni yoritdi.
Uchrashuvda Germaniya ishbilarmon doiralari, Savdo-sanoat palatasi vakillari, ekspert hamda ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ishtirok etgan.
Muloqotda Germaniya kompaniyalarining O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish imkoniyatlari muhokama qilingan. Germaniya tomoni vakillari O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish mamlakatga nisbatan biznes qiziqishini kuchaytirayotganini ta’kidlagan.
APP: O‘zbekiston texnologiya autsorsingi bo‘yicha global markazga aylanmoqda

Pokistonning “Associated Press of Pakistan” agentligi O‘zbekiston axborot texnologiyalari autsorsingi bozorida o‘z mavqeini mustahkamlab borayotgani haqida maqola e’lon qildi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 2019–2025-yillarda IT-autsorsing xizmatlari hajmi 3,2 million dollardan 716,4 million dollarga oshgan. Shu davrda IT-kompaniyalar soni 369 tadan 3,4 mingtaga yetgan, IT xizmatlarining umumiy hajmi esa 2,8 milliard dollarni tashkil qilgan.
Materialda O‘zbekistonda dasturiy ta’minotdan tashqari biznes hamda bilimlar jarayonlarini autsorsing qilish, kreativ industriyalar va professional xizmatlar rivojlanayotgani qayd etilgan. “IT Park Uzbekistan” ekotizimida 4 mingdan ziyod kompaniya faoliyat yuritib, ularning 1,1 mingdan ortig‘i xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan. Ushbu kompaniyalarda 56 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan.
BELTA: O‘zbekiston Belarus bilan sanoat, qishloq xo‘jaligi va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlikni kengaytirmoqda

Belarusning “BELTA” davlat axborot agentligi Minskdagi “INNOPROM. Belarus” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etgani va ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ma’lum qilgani haqida xabar berdi.
Unda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil va mebel sanoatida yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar mavjudligi qayd etilgan. Tomonlar tovar aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ham qabul qilgan.
Sinxua: O‘zbekiston va Belarus parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirmoqda

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi Xivada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Belarus parlamentlararo forumi yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat parlamentlararo muloqot va strategik sheriklikni chuqurlashtirishga intilayotgani haqida xabar berdi.
Forumda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova ishtirok etgan. Unda parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilingan.
Tadbir yakunida Xiva deklaratsiyasi qabul qilinib, 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan parlamentlararo “yo‘l xaritasi” imzolangan.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA