Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Har qanday yangilikni dunyo afkor ommasiga yetkazishda axborot maydoni, xususan ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Zero, hamkasblarimiz nafaqat xabar tarqatadi, balki jamiyat kayfiyatini uzatadi, islohotlarga nisbatan munosabat uyg‘otadi, davlat va jamoatchilik o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi.
TASS: Rossiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkori maqomini
saqlab qolmoqda
Moskvada o‘tgan qo‘shma komissiya yig‘ilishida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya mamlakatimiz tashqi iqtisodiy aloqalarida yetakchi o‘rinni egallab kelayotganini ta’kidladi. Ikki davlat o‘rtasidagi sheriklik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan, hududlararo aloqalar kengaygan va o‘zaro savdo hajmi izchil o‘sish sur’atini namoyon etgan. Bugungi kunda respublikada minglab Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyat yuritmoqda, turli tarmoqlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilish doirasida transport va logistika sohasidagi o‘sish sur’ati ham alohida qayd etildi: joriy yilning ilk oylarida temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshgan, muntazam havo qatnovi soni ortmoqda. RF Bosh vaziri Mixail Mishustin 2030-yilga qadar o‘zaro savdo aylanmasini bir necha barobar ko‘paytirish uchun asos shakllanganini bildirdi. Shu bilan birga sanoat, energetika va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni kengaytirish rejalashtirilgan.
Xinhua: O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yil 6,7 foiz o‘sishi kutilyapti
Osiyo taraqqiyot banki taxminiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yil barqaror o‘sish sur’atini saqlab qolib, 6,7 foizga yetadi. Tegishli hisobotda xizmat sohasi 2025-yil 14,7 foiz, qurilish tarmog‘i 14,2 foiz o‘sgani qayd etilgan. Shu bilan birga ichki talab barqarorligi, yuqori investitsiya va tizimli islohot iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy omillar sifatida baholangan.
Inflyatsiya darajasi 2026-yil 6,5 foizgacha pasayishi prognoz qilingan. Bu o‘tgan yildagi 7,3 foizga nisbatan past. Shuningdek, davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,1 foizgacha qisqargani ta’kidlangan. Bu ko‘rsatkichlar mamlakat iqtisodiyotida makroiqtisodiy barqarorlik mustahkamlanayotganini anglatadi.
Anadolu: Pokiston - Eron tranzit yo‘lagi orqali yuk Toshkentga yetib keldi
Turkiyaning “Anadolu Agency” agentligi xabar qilishicha, Pokiston yangi savdo yo‘lagini ishga tushirib, Eron orqali Markaziy Osiyoga yuk tashiy boshladi. Ayni yo‘nalishda birinchi yuk – muzlatilgan go‘sht Toshkentga yetkazildi. Shu tariqa Pokiston – Eron tranzit yo‘lagi faollashdi. Yangi tizimga ko‘ra, yuk endi bemalol Gvadar porti orqali Eron hududiga o‘tib, keyin Markaziy Osiyo davlatlariga yo‘naltiriladi.
Manbaga ko‘ra, mazkur yo‘lak mintaqadagi geosiyosiy yaqinlashuv va iqtisodiy aloqa kuchayishi asnosida shakllanmoqda. Loyiha Xitoyning yirik infratuzilmaviy tashabbusi – CPEC doirasida muhim bo‘g‘in o‘laroq baholanmoqda. Qolaversa, yangi yo‘nalish Markaziy Osiyoga chiqish imkoniyatini kengaytirib, mintaqada savdo va logistika tizimini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
AzerTAJ: O‘zbekiston tashqi savdosi yil boshida 7,1 foiz oshdi
Ozarbayjonning AzerTAJ agentligi xabarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi joriy yil yanvar-fevral oylarida 7,1 foiz o‘sib, 11,6 milliard dollarga yetgani keltirilgan. Shu davrda eksport hajmi 3,5 milliard dollarni, import esa 8,1 milliard dollarni tashkil etgan. Mamlakatimiz dunyo bo‘ylab 160 davlat bilan savdo aloqasini davom ettirayotgani ta’kidlangan.
Maqolada tashqi savdo bo‘yicha yetakchi hamkorlarimiz ham keltirilgan: Xitoy 27,5 foiz ulush bilan birinchi o‘rinni egallagan, Rossiya 18,3 foiz bilan ikkinchi, Qozog‘iston 7,2 foiz bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan. Shuningdek, Turkiya va Janubiy Koreya ham O‘zbekistonning muhim savdo sheriklari qatorida qayd etilgan.
WAM: BAA va O‘zbekiston yangi iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni kengaytirmoqda
BAA WAM agentligi ma’lum qilishicha, ushbu arab mamlakati iqtisodiyot va turizm vaziri Abdulla bin Tuq al-Marriy O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashib, ikki tomonlama iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish masalasini muhokama qilgan. Muzokarada yangi iqtisodiyot, turizm, aviatsiya, moliyaviy texnologiya, transport va qayta tiklanuvchi energiya kabi ustuvor sohalarda barqaror hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi, logistika, sanoat va bank sohalaridagi sheriklik imkoniyati ham ko‘rib chiqilgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ishtirok etgan. BAAda 2 300 dan ortiq o‘zbek kompaniyasi faoliyat yuritayotgani ta’kidlanib, hamkorlik faol amaliy bosqichga o‘tayotgani e’tirof etilgan. Shu bilan birga turizm sohasida ham o‘sish kuzatilgan: 2025-yil BAAga tashrif buyurgan o‘zbekistonliklar soni 25 foiz oshdi. Tomonlar “Investopia Tashkent” tashabbusi orqali yangi investitsiya imkoniyatini kengaytirish, biznes muhitini yanada jozibador qilishga kelishib olishdi.
O‘zA muxbiri Musulmon Ziyo tayyorladi.