“Avvallari deputatimizni tanimas edik…“
– Toʻgʻrisini aytsam, avvallari saylagan deputatimizni tanimas edik,–deydi “Navroʻz” mahalla fuqarolar yigʻinidan Botir Rahimov.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati, 1-con respublika ruhiy va asab kasalliklari dispanseri bosh shifokori Zuxra Paloʻanova Nukus shahrining eng chekka “Navroʻz”, “Qizilqum”, “Ipak yoʻli” hamda “Jayhun” mahalla fuqarolar yigʻinlarida istiqomat qiluvchi 30 ta xonadonga bepul koʻchat tarqatdi.
– Hozirgi ogʻir paytda aholining yordam va koʻmakka muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi,–deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati Zuxra Paloʻanova.– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 22-apreldagi global inqiroz va pandemiya sharoitida aholi bandligi masalasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidagi maʼruzasi har birimizdan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda, yuzaga kelgan vaziyatdan tezroq chiqib ketishimizda bir maqsad yoʻlida jipslashimizni, bir-birimizga yelkadosh boʻlishimizni taqozo etmoqda. Bunda xalq tomonidan saylangan deputatlar yana-da faolroq boʻlishi shart.
– Toʻgʻrisini aytsam, avvallari saylagan deputatimizni tanimas edik,–deydi “Navroʻz” mahalla fuqarolar yigʻinidan Botir Rahimov. – Bugungi kunda deputatlarimiz uyma-uy yurib, hol-ahvolimizdan xabar olmoqda. Bu Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan har qanday sharoitda ham mamlakatimizning hech bir fuqarosi eʼtibordan chetda qolmasligi kerak, degan oqilona siyosatining amaldagi tasdigʻidir.
Yurtimiz boʻylab yoʻlga qoʻyilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, ehtiyojmand, kam taʼminlangan oilalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatishdek savobli ishlarga oʻzlarining munosib hissasini qoʻshmoqda.