Navoiy viloyatida 94 korxona yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanmoqda
Navoiyda Prezidentimizning joriy yil 10-yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Navoiyda Prezidentimizning joriy yil 10-yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda avtomobil transporti sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlarni yanada rivojlantirish va ularning sifatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi va “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi qonunlari bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Mazkur hujjatlarga muvofiq yo‘lovchilar hayoti, salomatligi, mol-mulki, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydigan barqaror mexanizm yaratildi.
– Aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari vakillariga sohada yaratilayotgan qulayliklar soliq idoralari xodimlari tomonidan atroflicha tushuntirildi, – deydi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Navoiy hududiy bo‘limi boshlig‘i V.Adizov. – Bunday tadbirlar xizmat ko‘rsatuvchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan birga, tizimda xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Navoiy viloyatida 94 korxona yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Lizing kompaniyalari, bank kreditlari va tashuvchilarning sarmoyalari hisobidan yangi avtobus va mikroavtobuslar sotib olinayotir.
Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan qaroriga muvofiq, 2017-2021-yillarda Navoiy viloyatida 8 shahar ichida, 12 shahar atrofida va 29 shaharlararo qatnovchi yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi. Shu davr mobaynida aholiga namunali xizmat ko‘rsatish maqsadida 83 yangi avtobus, 415 ixcham va qulay mikroavtobus xarid qilish rejalashtirilgan. Yo‘lovchilarga zamonaviy sharoit yaratish uchun 4 avtovokzal va stansiya barpo etish hamda rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Navoiy shahridagi “Presstij Millenium” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham aholiga namunali transport xizmati ko‘rsatib kelmoqda.
– Ayni paytda 47 avtobusimiz shahar aholisi xizmatida, – deydi korxona ish boshqaruvchisi O‘ktam Hayitov. – Yangi yo‘nalishlar uchun yana 20 dona “Isuzu” rusumli avtobus xarid qilishni rejalashtirganmiz. Seminarda biz, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar to‘g‘risida yana ko‘p ma’lumot oldik. Ayniqsa, avtobus va mikroavtobuslarni “onlayn” tarzda nazorat qilish maqsadida GPS navigatorlari o‘rnatilishi xizmat sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.