Avtotransport sohasi jadal rivojlanmoqda
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘ining o‘rinbosari Sh.Shovahobov va boshqalar istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlari, xususan, avtotransport xizmatlari sohasida ham bozor munosabatlari va sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va ularning turini kengaytirishda bozor mexanizmlarini mustahkamash muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, so‘nggi 15-yilda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari soni qariyb 2,3 mingdan ziyod ko‘payib, bugungi kunda 4,3 mingdan ziyodni tashkil etmoqda.
Yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini joylashtirish bo‘yicha ochiq tender tanlovlari o‘tkazilayotgani avtomobil transporti xizmatlari bozorida raqobat muhitini shakllantirish va barcha tashuvchilarga teng sharoit yaratishga xizmat qilmoqda. Hisobot davrida 72 ochiq tender tanlovi o‘tkazilib, 1 mingdan ziyod yo‘lovchi tashish yo‘nalishi joylashtirilgan.
Lizing kompaniyalari, bank kreditlari va tashuvchilarning sarmoyalari hisobiga yangi avtobus va yuk tashish avtomobillari sotib olinmoqda.
– Joriy yilning birinchi yarmida agentlik ko‘magida tadbirkorlik subyektlari tomonidan Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan «Isuzu» rusumli 240 yangi avtobus sotib olingan, – deydi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bo‘lim boshlig‘i T.Jamolxo‘jayev. – Buning samarasida 300 yangi ish o‘rni yaratilib, 23 ta yangi yo‘lovchi tashish yo‘nalishi tashkil etildi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan yonilg‘i mahsulotlarini tejash va yo‘lovchi tashish rentabelligini oshirishga qaratilgan turli tadbirlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, yil boshidan buyon 270 dan ziyod avtobus gazda ishlash bo‘yicha qayta jihozlandi.
Hisobot davrida agentlik tomonidan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va Davlat soliq boshqarmasi xodimlari hamkorligida yo‘llarda 2,3 mingdan ortiq qo‘shma reyd o‘tkazilib, ularda 18,5 mingdan ziyod huquqbuzarlik holati aniqlangan. Mazkur holatlarning aksariyati litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatish bilan bog‘liq.
Daryo transporti sohasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda agentlikning Daryo kemachiligi registri va kemachilik inspeksiyasi tomonidan 218 ta daryo transporti vositasi va 3 ta ponton ko‘prik kema reyestrga kiritilgan. Kema qatnaydigan suv yo‘llarining holati, gabarit o‘lchamlari ta’minlangani va navigatsiya belgilari bilan jihozlanganini nazorat qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda ta’kidlanganidek, joriy yilda agentlik tomonidan muhim ijtimoiy loyiha amalga oshirildi. Agentlik «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida Guliston shahrining «Taraqqiyot» mahallasini obodonlashtirishga homiylik yordami ko‘rsatdi. Bu yerda zamonaviy bolalar maydonchalari, futbol stadioni barpo etilib, ko‘chalar obodonlashtirildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.