Avtosportchimiz Italiya turnirida g‘oliblikka erishdi
Italiyaning Mudjello trassasida o‘tgan “Ultimate Cup GT Sprint” musobaqasida o‘zbekistonlik Ismoil Ahmedxo‘jayev va rossiyalik Roman Rusinov juftligi g‘oliblikka erishdi.
Dam olish kunlari o‘tgan poyga Ismoil Ahmedxo‘jayev-Roman Rusinov jamoasi uchun oson kechmadi. Saralash bahslaridayoq ekipaj o‘z tezligini namoyish etib, poul-pozitsiyani egalladi va mashina yuqori o‘rinlar uchun kurashishga tayyor ekanini isbotladi.
Birinchi poygada Ismoil Ahmedxo‘jayev muvaffaqiyatli start olib, peshqadamlar guruhida harakatlanayotgan paytda to‘qnashuvga uchradi. Bu, yana bir bor “GT Sprint” musobaqalarining naqadar murakkab ekanini ko‘rsatdi.
Ikkinchi poygada kuchli qaytishni amalga oshirgan Axmedxo‘jayev va Rusinov boshqaruvidagi “Rossa LM GT” avtomobili marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tib, g‘oliblik shohsupasidan o‘rin egalladi.
Eslatib o‘tamiz, “Ultimate Cup European Series” Yevropadagi mashhur avtosport chempionatlaridan biri bo‘lib, ushbu musobaqalar tizimi bir nechta turli darajadagi turnirlarni qamrab olgan, Mudjello bahslari eng muhim musobaqalardan biri hisoblanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA