Avtosport va kartingchilar mamlakat chempionligi uchun bahslashdi
Poytaxtimizda avtosportning karting va jimhana poyga yo‘nalishlarida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Jimhana – bu murakkab to‘siqlar bilan o‘tiladigan avtopoyga sportining bir yo‘nalishi bo‘lib, poygachilar konuslar, shinalar va barrellar kabi to‘siqlardan o‘tadi. Ular 180 va 360 gradus burilishlar, orqaga harakat qilish va boshqa elementlarni bajaradi. Bu, ularning haydovchilik mahoratini namoyish etishga imkon yaratadi.

O‘zbekiston milliy avtosport va karting federatsiyasi hamda hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan poygalarda yurtimizda ushbu sport turi bilan shug‘ullanib kelayotgan yosh poygachilar startga chiqdi.
Qiziqarli va o‘ziga xos ko‘rinishda kechgan poygalar natijasida jimhana yo‘nalishida Otabek Madaliyev 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, keyingi pog‘onalardan Saidakbar Kamoliddinov va Shukur Madraimov joy egalladi.

Karting yo‘nalishining bir necha yosh toifasida tashkil etilgan chempionatda 7-12 yoshlilar orasida Arseniy Glova, Vladislav Kim va Yaroslav Xramchixin sovrinli o‘rinlarga ega chiqdi.
14 yosh va undan kattalar o‘rtasidagi bahslarda yosh toifasi Kamoliddin Najmiddinov, Amir Hamroyev va Jamoliddin Najmiddinov sovrindorlik shohsupasiga ko‘tarildi.
Aytish lozim, mamlakat birinchiligining barcha bosqichlarida munosib natijalarni qayd etgan mahoratli yosh sportchilar joriy yilning sentyabr oyida o‘tadigan Osiyo chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA