“AvtoRaqam” ilovasida inson omili cheklangan
Ya’ni, avtomobilga raqam olish uchun ortiqcha pul sarflashga, ayniqsa, tanish-bilish qidirishga aslo hojat yo‘q
Chunki, avtomobillar uchun davlat raqam belgilarini tanlash va sotib olish "AvtoRaqam" ilovasi orqali amalga oshirilmoqda.
Endilikda chiroyli kombinatsiyaga ega bo‘lgan davlat raqam belgilarini faqatgina "AvtoRaqam" ilovasi orqali tanlab olish mumkin. Oddiy davlat raqam belgilarini esa "Random" tasodifiy tanlash yo‘li bilan xarid qilinadi.
Har ikki holatda ham inson omili cheklangan bo‘lib, davlat raqam belgilari elektron dasturlar orqali berilmoqda.
Ammo, oramizda hali ham chiroyli raqamlarni kimlardir orqali olish mumkin, degan qarashdagi kishilar yo‘q emas. Bunday holat esa firibgarlarga qo‘l kelishi mumkin.
Shu bois, Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Abdulaziz Qahhorov yurtdoshlarimizni aynan shunday firibgarliklardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.
– Hozirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda davlat raqam belgilarini navbatsiz, tanish-bilishchilik bilan olish mumkinligi aytilgan ba’zi xabarlar tarqalmoqda, – deydi A.Qahhorov. – Bu haqiqatga mos kelmaydi. Ishonch bilan ayta olamanki, hozirda respublikamizning barcha ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limlarida yagona tartib va qat’iy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, davlat raqam belgilarini olishdagi har qanday noqonuniy harakatlar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan.
Hozirgi kunda fuqarolar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hududiy ro‘yxatlash bo‘limlariga kelmasdan turib, o‘zlariga raqam tanlashi mumkin. Buning uchun mobil telefonga "AvtoRaqam" ilovasini yuklab olish kerak. Ilova orqali chiroyli kombinatsiyaga ega bo‘lgan raqamni tanlash va xarid qilish mumkin.
Bundan tashqari, oddiy toifadagi davlat raqam belgilarini ro‘yxatlash bo‘limlariga murojaat etgan holda tasodifiy tanlash tizimi orqali olish mumkin.
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati fuqarolarni davlat raqami belgisini olishda firibgarlarning turli xil aldovlariga ishonmaslikka chaqirdi.
Moddiy manfaat evaziga avtoraqam olib beraman, degan shaxslar aslida firibgarlardir. Ularga duch kelganda, bu haqda ichki ishlar organlariga yoki “102” qisqa raqamlariga murojaat qiling.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-sentabrdagi “Avtomototransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra yuqoridagi tartiblar joriy etildi.
Mazkur qaror asosida davlat raqami belgilarining auksion savdolari to‘xtatildi.
Davlat raqami belgilarini berish uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorlari Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati huzuridagi «Uzavtomotoservis» davlat unitar korxonasi tomonidan belgilanadi.
Avtomototransport vositasi qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda barcha toifalardagi davlat raqami belgilari yagona oshirilgan to‘lovning 50 foizi miqdoridagi to‘lov evaziga uning egasining nomida qoldirilishi yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa shaxs nomiga o‘tkazilishi mumkin.
Norgul Abduraimova,
O‘zA