“Avtomalika” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi YHXBda 8-mart bayrami oʻzgacha nishonlandi.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi YHXBda 8-mart bayrami oʻzgacha nishonlandi. Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasiga viloyatning barcha shahar va tumanlaridan haydovchi ayollar taklif etildi. Ular “Avtomalika” koʻrik-tanlovida ishtirok etdi.
Koʻrik-tanlovga yoshi, egallagan kasbidan qatʼiy nazar haydovchilik guvohnomasi bor boʻlgan, jamiyat hayotida faol ayollar taklif etildi. Dastlabki bosqichda ishtirokchilar yoʻl harakati qoidalari boʻyicha oʻz bilimlarini test sinovlarida tekshirib koʻrdi.
Musobaqaning eng qiziqarli va hayajonli onlari boshlandi. Har bir haydovchi musobaqa uchun maxsus tayyorlangan oʻquv avtomobilida haydash mahoratini namoyish etdi. Hayajon, sevinch, tashvish alomatlari aks etgan gulgun chehralar navbatma-navbat transportni boshqarib, koʻrik-tanlov shartlarini bajardi.
Kimdir hayajondan motorni oʻchirib qoʻydi. Boshqa ishtirokchi shartli garajga kirishda shoshildi. Ammo yoʻl qoʻyilgan xatolardan hech kim xafa boʻlgani yoʻq. Aksincha, bu xatolar ular uchun saboq boʻlganini taʼkidladi. Qiziqarli bahs-munozaralar bilan oʻtgan musobaqa ham yakuniga yetdi. Navbat gʻoliblarni ragʻbatlantirishga keldi. Gʻoliblarga Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi hamda “Alskom” sugʻurta kompaniyasi viloyat boʻlimining sovgʻalari topshirildi.
Gʻolib boʻlish yaxshida. His-hayajonlar ortda qoldi. Gʻoliblar esa sovgʻalarni oldi. Musobaqada oliy oʻrin Qibray tumanidan kelgan ishtirokchi Shohira Saydazimovaga nasib etdi.
Bu kabi bayram musobaqalarini tez-tez oʻtkazib turish taklifi bildirildi. Darhaqiqat, harakatlanish xavfsizligini taʼminlashda, haydovchi madaniyatini yuksaltirishda musobaqalarning ahamiyati katta.
Toshkent viloyati IIBB YHXB
Axborot xizmati.