Avtohavaskorlarga munosib tuhfa
Yaqinda öttiz beş yilligi nişonlanadigan Özbekiston mudofaasiga kömaklaşuvçi “Vatanparvar” taşkiloti tomonidan ösib kelayotgan yoş avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalaş, yoşlarni harbiy xizmatga tayyorlaş, sportning texnik va amaliy sport turlarini rivojlantiriş hamda malakali haydovçilar tayyorlaş borasida qator amaliy işlar qilinmoqda.
Namangan viloyatining Töraqörğon tumanidagi öquv sport texnika markazida foydalanişga topşirilgan zamonaviy avtodrom va yangi texnikalar bu boradagi saʼy-harakatlarning amaliy ifodasi böldi.
Şu munosabat bilan ötkazilgan tantanali marosimda “Vatanparvar” taşkiloti markaziy kengaşi raisi Husan Botirov, Töraqörğon tumani hokimi Şerali Qosimov va boşqalar mamlakatimizda ommaviy kasb xodimlarini yetiştiriş va qayta tayyorlaş hamda malakasini oşirişga qaratilayotgan eʼtibor öz samarasini berayotganligini taʼkidladi.
Tadbir doirasida taşkilot tizimiga 18 ta yangi avtotransport vositasi qabul qilindi. Ularning 12 tasi “Onix”, törttasi “Kia Sonet” va ikkitasi “Faw” rusumli yuk avtomobillaridir.
[gallery-32340]
– Taşkilot tizimida 40 yilga yaqin faoliyat yuritdim. Rahbarlik vazifalarida ham işladik. Tumanimizda öquv-sport texnika klubiga asos solinişida hissa qöşdik. Eʼtirof etiş kerakki, bugungi taşkilotimizni keçagisi bilan aslo soliştiriş bölmaydi, – deydi “Vatanparvar” taşkiloti faxriysi, 77 yoşli Muhammadjon Töraboyev. – Sobiq “Dosaaf” paytida maşinalarni olib keliş, mablağ topişda qiyinçiliklar bölar, yonilğilarda yetişmovçiliklar kuzatilardi. Sönggi yillarda “Vatanparvar” taşkiloti faoliyatida sezilarli ijobiy özgarişlar közga taşlanmoqda. Bu ommaviy kasb xodimlari tayyorlaşga bölgan talab tobora oşib borayotgan bir kezda muhim. Mana, zamonaviy avtodrom va murabbiylarga topşirilgan zamonaviy maşinalarga qarang, ilgari paytlar biz ularni faqatgina orzu qilganmiz.
Töraqörğon tumani öquv sport texnika markazida 40 nafar örgatuvçi-usta murabbiy faoliyat yuritib, ularning olti nafari xotin-qizlardan iborat. Tört yillik iş stajiga ega bölgan Muazzam Nazarovaning aytişiça, hozirgaça ular amaliy maşğulotlarni ötkaziş uçun qöşni Çust tumaniga borişar, bu esa bir qator qiyinçiliklarni yuzaga keltirardi. Yangi öquv-maşq maydoni esa ham örgatuvçi, ham örganuvçilar uçun munosib tuhfa böldi.
Yangi avtodrom va transport vositalarining işga tuşirilişi yoşlarning haydovçilik mahoratini oşiriş, amaliy maşğulotlar sifatini yaxşilaş hamda malakali mutaxassislar tayyorlaş hamda taşkilotning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlaş uçun keng imkoniyatlar yaratadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), ÖzA