Dasturchi kompyuter dasturlarini tuzish, veb-saytlar yaratish, mobil ilovalar tuzish, ilova tizimlarini ishga tushirish, kompyuter o‘yinlari yaratish va shunga o‘xshash vazifalarni bajaradi.
2016 yilda avtohalokatga uchrab, mo‘’jiza sabab tirik qolgan sirdaryolik Baxtiyor Dushayevning asli kasbi novvoylik edi. 6 oy davomida uyda o‘tirib qolgan qahramonimiz internet tarmog‘idan unumli foydalanish yo‘llarini izladi.
–Aslida boshimizga kelgan sinovlar ham qaysidir ma’noda hayotimizda bizga berilgan yangi imkoniyat, – deydi Baxtiyor Dushayev. – O‘sha payt o‘zim uchun IT sohasini kashf qildim va nima bo‘lganda ham albatta uni o‘rganaman, deb o‘zimga so‘z berdim. Hammasini boshidan mustaqil o‘rganib, frilanser sifatida ishlashni boshladim.
Hozirda Baxtiyor Dushayev dasturchilik sohasida faoliyat olib borish bilan bir qatorda, yoshlarga ham ushbu sohani o‘rgatib kelmoqda.
–Shogirdlarim albatta kelajakda Vatanini yuksaltiradigan, ota-onasiga rahmat keltiradigan inson bo‘lishini chin dildan hohlayman, – deydi qahramonimiz. –Ko‘plab kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlayman va bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olib ularga o‘quvchilarimni faol tayyorlashga harakat qilaman. Bu sohani o‘rgangan odam 1 yildan so‘ng IT kompaniyalarga ishga o‘tib, bemalol yuqori natijalarga erishishi mumkin.
Atrofimda ushbu kasbni tanlashdan hadiksirayotganlar bor. Shu o‘rinda bir gapni ta’kidlashni istardim: hech qachon kech bo‘ldi demang. Tinimsiz qilingan harakat va qat’iy maqsad siz kutgan samarani beradi. Har bir yangi kun – yangi orzular, yangi rejalar va yangi g‘oyalar uchun yaxshi imkoniyat. Tushkunlikka tushib, chora izlamasangiz, hayot yo‘lida sarson-sargardon bo‘lib yurgan behisob insonlar qatoriga tushib qolasiz.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA