Avtobus bekatlari bo‘yicha jamoatchilik fikri qanday?
Bugungi kunda Toshkent shahrida qurilayotgan yangi ko‘rinishdagi avtobus bekatlari keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Sababi yangi bekatlarning qulayligi, soyalanish darajasi va jazirama iqlimga qay darajada mos yoki mos emasligi yuzasidan turli fikr-mulohazalar, e’tirozlar va takliflar bildirilmoqda.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi ham mazkur masalaga eʼtibor qaratib, poytaxtda ekologik hamda mahalliy iqlim sharoitiga mos “Yashil bekatlar” loyihasini pilot tartibida amalga oshirish taklifini ilgari surgan edi. Albatta, ushbu tashabbus keng muhokama va mutaxassislar tahlilini talab etadigan taklifdir.
Partiya mazkur masala boʻyicha aholi vakillari munosabatini bevosita oʻrganish maqsadida ijtimoiy soʻrovnoma oʻtkazdi. Unda fuqarolarning zamonaviy bekatlar qanday boʻlishi, yoʻlovchilar uchun qanday qulayliklar yaratilishi hamda ekologik yechimlardan qay tarzda foydalanish boʻyicha fikrlari tinglandi.

Soʻrovnomada ishtirok etgan fuqarolar quyidagi fikr va takliflarni bildirdi:
— Avtobus bekatlari ham yozda, ham qishda talabga javob beradigan boʻlsa, yanada yaxshiroq boʻlar edi.
— Avvalgi bekatlar singari biroz yopiqroq boʻlishi kerak. Oynali, yopiqroq boʻlsa, salqinroq boʻlardi.
— Yomgʻir, qor yoqqanda yoki quyoshli kunlarda yoʻlovchilar himoyalanishi uchun sharoit boʻlishi kerak.
— Hozirgi bekatlar noqulay. Chunki shamol, yomgʻir, issiq kunlarda himoyalanishning iloji yoʻq, juda ochiq. Birgina qulayligi oʻtirgʻichi borligini aytmaganda, boshqa qulayligi yoʻq.
— Avvalgi bekatlarimiz ancha qulay edi. Yopiq holda, doʻkonlar bor edi, chanqaganda suv olib ichishga imkon boʻlardi.
— Avtobus bekatlariga kitob javonlari oʻrnatish taklifini bildiraman. Bu yoʻlovchilarning boʻsh vaqtini bekor oʻtkazmaslikka xizmat qiladi.
— Bekatlar biroz uzunroq, yopiqroq boʻlsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

Jamoatchilik vakillarining bu kabi fikr-mulohaza va takliflari poytaxtimizning yangi barpo etilayotgan bekatlarida yanada qulaylik yaratish ustida ishlash kerakligini koʻrsatmoqda. Jamoatchilik ishtiroki, takliflari kelgusida bekatlar xavfsiz, qulay, iqlimga, fasllarga mos shaklda takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ekopartiya Matbuot xizmatining maʼlumotlariga koʻra, partiya mazkur masala yuzasidan soha mutaxassislari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda va yaqin kunlarda oʻz takliflarini Toshkent shahar hokimligi hamda Transport vazirligiga taqdim etadi.
M.Komilova, OʻzA