Avstriyalik kardiojarroh Buxoroda
Avstriya davlatining Vena universiteti kardiojarrohi, tibbiyot fanlari doktori, professor Marek Eyrlix Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialidagi faoliyatni o‘rgandi.
Avstriyalik tibbiyot doktori “Anevrizmni davolash dasturi” rahbari hisoblanadi. U respublika tibbiyot muassasasi yetakchi kardiojarrohi, professor Abdusalom Abdurahmonov bilan birgalikda uch kun davomida turli darajadagi kardioxirurgik operatsiyalarni o‘tkazdi. Buxorolik hamkasblari, yosh mutaxassislar uchun mahorat darslarini tashkillashtirdi.

Ta’kidlash joizki, ilk bor 7 nafar bemorda o‘tkazilgan murakkab kardioxirurgik operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
– Markazda ilk bor amalga oshirilgan bu amaliyotlar Buxoro tibbiyoti rivoji uchun katta ahamiyatga ega, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori M.Rajabov. – Murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish mutaxassislardan kasbiy bilim va amaliy mahorat, yuqori tajribani talab qilishi bilan birga, bemorlarning hayot sifati va uzoq umr ko‘rish darajasini oshirishda beqiyos ahamiyatga ega. Avstriyalik mutaxassis boshchiligida o‘tkazilgan yuqori texnologik murakkab operatsiyalardan so‘ng hozirda bemorlarning ahvoli yaxshilangan bo‘lib, muolaja va parvarishlash davom ettirilmoqda.

Shuningdek, xorijlik doktor Marek Eyrlix o‘z ilmiy-amaliy faoliyati xususida filial vrachlari o‘rtasida ma’ruza qildi. Avstriya va jahon miqyosida kardiojarrohlik amaliyotlarining bugungi yutuqlari to‘g‘risidagi taqdimoti bilan o‘rtoqlashdi. U filialda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar ma’qul kelganligi, keyingi tashriflar davomida boshqa turdagi murakkab kardiojarrohlik operatsiyalarini buxorolik mutaxassislar bilan birgalikda bajara olishi hamda hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, avstriyalik professor Marek Eyrlix filialning kardioxirurgiya va kardioreanimatsiya bo‘limida davolanayotgan bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazib, o‘z taklif va mulohazalarini bayon etdi. Ko‘rik davomida 40 nafardan ortiq jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lgan buxorolik bemorlar konsultatsiya qilinib, keyingi bosqichda ularda bu amaliyotlarni hamkorlikda tashkil etish xususida kelishib olindi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.