Avstraliyadagi yirik neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqdi
Avstraliyadagi yirik neftni qayta ishlash zavodida yuz bergan yong‘in oqibatida vaziyat jiddiylashdi. Hozircha qurbonlar yoki jarohatlanganlar soni haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Hodisa sababi o‘rganilmoqda.
Melburn shahri yaqinidagi Gilong hududida joylashgan “Viva Energy" kompaniyasiga qarashli "Corio" zavodida 16-aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan portlash va alangalanish haqidagi xabardan so‘ng voqea joyiga yetib kelgan favqulodda xizmat xodimlari 13 soat davomida olov bilan kurashib, vaziyatni to‘liq nazoratga oldi. O‘nlab ishchilar vaqtida xavfsiz joyga evakuatsiya qilindi. Bu hodisa to‘g‘risida BBC xabar bergan.
Avstraliya energetika tizimida strategik ahamiyatga ega mazkur zavod Viktoriya shtati yonilg‘i ehtiyojining yarmi, butun mamlakat ta’minotining esa 10 foizini ishlab chiqaradi. Garchi, hozir majmua qisman faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da, hukumat vakillari benzin va boshqa yonilg‘i turlari ishlab chiqarish sur’ati pasayishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Energetika vaziri Kris Bouen ta’kidlashicha, voqea dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyat va Erondagi keskinlik ortidan kelib chiqqan global yonilg‘i inqirozi davriga to‘g‘ri kelgani bois, ichki bozorga bosimni yanada kuchaytirishi mumkin.
So‘nggi haftalarda Avstraliyada dizel yonilg‘isi narxi keskin ko‘tarilgan, ayrim hududlarda tanqislik kuzatilib, aholi o‘rtasida vahimali xaridlar kuzatilmoqda. Aviatsiya yonilg‘isi qimmatlashishi sababli, aviakompaniyalar ba’zi reyslarni qisqartirishga majbur bo‘ldi.
Dastlabki taxminga ko‘ra, yong‘inga uskunalardagi texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Ayni payt surishtiruv davom etyapti. “Viva Energy” bosh direktori Skott Uaytt ma’lum qilishicha, olov ikki bo‘linmaga zarar yetkazgan. Shu bois, xavfsizlik chorasi sifatida mahsulot tayyorlash hajmi vaqtincha kamaytirilgan. Ekspertlar Singapur, Janubiy Koreya va Malayziyadan amalga oshiriladigan import hisobiga ta’minot uzilishini ma’lum darajada yumshatish mumkinligini aytayotgan bo‘lsa-da, mavjud zaxira xavf ostida qolishi mutaxassislarni tashvishga solmoqda. Gilong meri Stretch Kontel yuz bergan hodisani mintaqa sanoati uchun kuchli zarba va misli ko‘rilmagan sinov deya baholadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA