Avstraliyada parranda grippi tarqalmoqda(mi)?
Avstraliyada parranda grippi virusining tarqalishi bilan bog‘liq xavotirlar ortib bormoqda. Ta’kidlanishicha, Janubiy Avstraliya shtatining Kenguru orolidagi Sil-Bey hududida akula hujumidan jarohat olgan dengiz sheri o‘limi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar jonivorning aynan parranda grippidan nobud bo‘lganini ko‘rsatdi.
Mutaxassislarning fikricha, akula yetkazgan jarohatlar hayvon organizmini zaiflashtirib, uni virus oldida himoyasiz qilib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Janubiy Avstraliyada dengiz sherlari soni har yili o‘rtacha 2 foizga kamayib borayotgan bir paytda, rasmiylar ushbu kasallik dunyo bo‘ylab dengiz sherlari va tyulenlar populyatsiyasiga halokatli tahdid solayotganidan ogohlantirmoqda.
Bugungi kunga kelib, mazkur virus shtat hududida to‘rt xil sut emizuvchi hayvon turida aniqlangan. Mamlakatda “H5N1” shtammi bilan bog‘liq ilk gumonli holat 19-iyun kuni qayd etilgan bo‘lsa, 3-avgustda yovvoyi qushlarning ommaviy o‘limi kuzatilgan edi.
Avgust oyi oxirida esa dengiz mushugida virusning aniqlanishi Avstraliyada sut emizuvchilarning parranda grippi bilan zararlanishi bo‘yicha ilk rasmiy holat sifatida qayd etildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA