Ba’zan turli sabablarga ko‘ra rejalashtirilgan safarni bekor qilishga to‘g‘ri keladi. Ana shunday hollarda sotib olingan aviachiptani qanday qaytarish mumkinligi va qaysi huquqlarga ega ekanligimizni bilish juda muhim.
Chiptani qaytarish chog‘ida muammoga duch kelmaslik uchun iste’molchilar nimalarni bilishlari kerak?
Raqobat qo‘mitasi bosh mutaxassisi Ahrorxon Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, “Aviachiptani qaytarishda iste’molchilar, avvalo, aviakompaniya tomonidan belgilangan shartlar bilan tanishib chiqishlari lozim.
– Aviachiptani boshqa sanaga yoki vaqtga qayta rasmiylashtirishga to‘g‘ri kelsa, iloji boricha ertaroq uni sotib olgan joyga (masalan, aviakompaniyaga, sayyohlik agentligiga yoki aviakassaga) murojaat qilish kerak, – deydi Ahrorxon Ahmedov. – Ba’zan chiptani telefon yoki internet orqali qayta rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi, ba’zi hollarda esa hatto buning uchun pul ham talab qilinmaydi. Aviachiptani almashtirganda yoki qaytarib topshirganda aviakompaniya barcha pullarni qaytarib bermasligi mumkin. Bundan tashqari, doim ham chiptani almashtirish yoki qaytarib topshirish mumkin bo‘lmaydi. Bular ayniqsa, arzon, aksiyalar bilan sotib olingan chiptalarga tegishli. Qimmatroq yoki yuqori klassda bo‘lgan chiptalarni almashtirish osonroq va jarimalari kamroq bo‘ladi.
Aviachiptalarni qaytarishning o‘ziga xos shartlari bor. O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 104-moddasiga ko‘ra Yo‘lovchi havo transportida tashish shartnomasi amal qilib turgan istalgan vaqtda — yo‘lovchi uchun joy band qilib qo‘yilgan havo kemasi parvoz qilgunicha yoki parvoz qilganidan keyin yo‘nalish manzillaridan birida havo transportida tashish shartnomasini bekor qilish va tashish uchun to‘langan summaning hammasini yoki bir qismini tashuvchining tariflarini qo‘llash qoidalarida belgilangan tartibda olish huquqiga ega.
Umuman yoki qisman foydalanilmagan aviachiptalar uchun pulni qaytarib berish, sotish qoidalariga ko‘ra qaytarilmaydigan aviachiptalardan tashqari, tashuvlar sotilgan mamlakatda amalga oshiriladi.
Qaytariladigan summa tashuvlar uchun dastlab qanday valyutada haq to‘langan bo‘lsa, o‘sha valyutada amalga oshiriladi. Agar yo‘lovchi chiptani dastlab sotib olgan joyga qaytib kela olmasa, summa uning ishonchli shaxsiga, yuridik rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida qaytariladi.
Samolyot chiptalarini qaytarishda iste’molchi o‘z huquqlarini yaxshi bilishi, chipta turi va aviakompaniya shartlari bilan tanish bo‘lishi muhim. Agar ularning huquqlari buzilsa, tegishli davlat organlariga murojaat qilish orqali muammoni hal etish imkoniyati mavjud.
Nigora Rahmonova tayyorladi, O‘zA