Avf etilgan aka-uka ishga joylashtirildi
Farmonga asosan jazoni ijro etish muassasalaridan ozodlikka chiqarilganlar orasida Uchkoʻprik tumanida yashovchi 3 nafar fuqaro ham bor.
Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yillik bayrami arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni avf etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan jazoni ijro etish muassasalaridan ozodlikka chiqarilganlar orasida Uchkoʻprik tumanida yashovchi 3 nafar fuqaro ham bor.
Uchkoʻprik tumani “Qumariq” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Farhod va Rustam Shermatovlar telefonidan norasmiy diniy manbalar topilib, 2015-yili sud hukmi bilan 7 yil hamda 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Yuqoridagi Farmonga koʻra aka-uka muddatidan oldin jazodan ozod etildi. Ularning bir kunda uyiga qaytishi oila aʼzolari uchun qoʻshaloq bayramga aylandi.

Shermatovlar bugun faol mehnat bilan band. Farhod kasbi boʻyicha tumanda faoliyat koʻrsatib kelayotgan “Humo tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga ishga joylashdi. Ukasi tomorqadan unumli foydalanish maqsadida issiqxona tashkil etish harakatida. Eng asosiysi, aka-ukalarning bugun qalbi quvonchlarga toʻlgan. Yaxshi niyat va orzulari bisyor.