“Avans” — “bo‘nak”: qonunchilik hujjatlaridagi ayrim atamalar o‘zbekchalashtirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda bir qator qonun loyihalari va parlament nazorati faoliyatiga oid masalalar muhokamasi ko‘zda tutilgan. Dastlab “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda norma ijodkorligi faoliyatini yanada takomillashtirish, qonunchilik hujjatlarini sodda va tushunarli tilda tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, bu jarayonlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega.
Ushbu qonun loyihasi bilan bir qator qonunchilik hujjatlarida foydalanilgan ayrim atamalarni yagona shaklda qo‘llashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilmoqda. Xususan,
“avans” — “bo‘nak”,
“markirovka” — “tamg‘alash”,
“marshrut” — “yo‘nalishli”,
“svetofor” — “yo‘lchiroq”,
“parol” — “o‘ron”,
“progressiv” — “ilg‘or” deb o‘zgartirish nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasining qabul qilinishi qonun hujjatlaridagi tushuncha va yuridik atamalarni birxillashtirish, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA