Milliy matbuot markazida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy chegarasidagi umumiy yer maydoni 2022 yil 1 yanvar holatiga 44 million 892 ming 400 gektarni tashkil qiladi. O‘tgan yil 1 maydan boshlab O‘zbekistonda ilk bor yangi integratsiyalashgan axborot tizimida avvalo qishloq xo‘jaligi yerlarini elektron shaklda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshlandi.
bugungi kunda, Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasi tomonidan joriy etilgan “Uzkad” dasturi orqali 8 ta yer fondi toifalari bo‘yicha yer maydonlari, chizmasi va chegarasi (Gis xaritasi) axborot tizimiga kiritilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib kelinmoqda.
Mamlakatimizning jami 44,9 million gektar yer maydonidan 41,7 million gektari yoki 92,8 foizi “Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazishning integrasiyalashgan axborot tizimi”da elektron xaritasi yaratilib, kadastr axborot tizimiga kiritildi. Shundan 37 million gektar (qishloq xo‘jaligi 22,2 million gektar, o‘rmon fondi 11,8 million gektar, tabiatni muhofaza qilish yerlari 2,6 million gektar) yerdan foydalanuvchilar kesimida kadastr yig‘ma jildlari shakllantirilgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
– Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini auksion orqali realizatsiya qilish bo‘yicha, “Yerelektron” axborot tizimiga jami 88 mingta – 5 ming 653 gektar bo‘sh yer uchastkasi bo‘yicha taklif kiritildi, – deydi Davlat kadastrini yuritishda hududlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Qobil Bobojanov. – Shundan, 49 mingtasi ya’ni 2 ming 682 gektari auksionga chiqarildi. 766 gektari 662 milliard so‘mga sotildi. Shuningdek, 907 gektari, 13 mingtasi qishloq xo‘jaligi yerlari yoki muhofaza hududda joylashgani aniqlandi. 10,2 mingtasi 481 gektar vakolatli idoralar tomonidan rad etildi.
Joriy yilning iyul oyidan boshlab kichik sanoat zonalarida 1 ming 393 ta 209 gektar, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida 1 ming 727 ta 131 gektar, maxsus (erkin) iqtisodiy zonalarda 778 ta 2 ming 520 gektar yerlar auksionga chiqarilib, 1 ming 236 ta 475 gektari sotildi. Qolaversa, hozirgi kunda savdoda 2 ming 662 ta 2 ming 385 gektar yer uchastkasi bor.
Hozirgi kunda 27 ming 917 ta – 4 ming 369 gektar arizadan 7 ming 910 tasiga (25 foiz) kadastr va qurilish organlaridan to‘liq ijobiy xulosa berildi. Shundan, 1 ming 565 tasiga mulk huquqini beruvchi davlat orderi berildi. Qolaversa, 1 ming 966 tasi to‘lovni amalga oshirish jarayonida. 1 ming 770 tasi bo‘yicha to‘lovlar o‘z muddatida to‘lanmagan. Qolgan 20 ming 287 ta ariza bo‘yicha yer uchastkasini xususiylashtirish mavjud kamchiliklar sababli, ularni bartaraf etish uchun qaytarilgan.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA