Auditorlik xizmati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Yaqinda Prezidentimiz tomonidan «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Bu qonun bilan auditorlik xizmati ko‘rsatishning yangicha tartib va tamoyillari belgilandi.
Eng muhimi, Qonuning 5-moddasida auditor taxminlarga asoslanib fikr bildirishdan holi bo‘lishi va o‘zining obro‘sini tushiradigan faktlarga yo‘l qo‘ymasligi, auditorlik tashkiloti mustaqilligiga monelik qiladigan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, auditorlik xizmatlari ko‘rsatishni rad etish qonun bilan mustahkamlab qo‘yildi.
Bu qonun orqali auditorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari ham belgilab qo‘yildi. Jumladan, auditorlik faoliyatini va auditorlik xizmatlari bozoridagi halol raqobatni ilg‘or xalqaro amaliyot asosida rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, auditorlik tekshiruvlarining o‘rnini, ahamiyatini va ko‘rsatilayotgan auditorlik xizmatlari sifati uchun auditorlik tashkilotlarining javobgarligi oshirildi.
Shuningdek auditorlarni kasbga tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, auditorlik tashkilotlari ishini sifatini tashqi nazorat qilish tizimini shakllantirish, yoshlarni auditorlik kasbiga jalb etish va kasbga oid auditorlarning respublika jamoat birlashmalarining tegishli oliy ta’lim tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilishni ta’minlash belgilangani ayni muddao bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, Qonunda auditorlik tashkilotlarining faoliyatiga aralashishga va auditorlik tashkilotiga, shuningdek uning xodimlariga qanday shaklda bo‘lmasin ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmasligi mustahkamlab qo‘yilgani bu sohani yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Hazratqul XO‘JAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi