Attraksionlarda xavfsizlik qanday ta’minlanmoqda?
Bugungi kunda aholi dam olish madaniyati yuksalib borayotgan bir sharoitda madaniyat va istirohat bog‘lari, ko‘ngilochar maskanlar faoliyatini xavfsiz va barqaror tashkil etish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, attraksionlardan foydalanish jarayonida inson omili, texnik holat va nazorat tizimlarining mukammal yo‘lga qo‘yilgani fuqarolar, xususan, bolalar hayoti va salomatligini muhofaza qilishda hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Shu nuqtai nazardan, sohada xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, zamonaviy nazorat mexanizmlarini joriy qilish va mas’uliyatni oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Bekzod Berdiyev quyidagilarni gapirib berdi:
– Bu borada qo‘mita tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, uchrashuvlar, muloqotlar va amaliy seminarlar tashkil etilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘ida attraksionlar hamda bolalar o‘yin qurilmalarining texnik sozligi va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishiga bag‘ishlandi.
Seminar davomida sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, tadbirning asosiy maqsadi attraksionlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, qurilmalarning texnik holatini o‘rganish hamda yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashdan iborat. Bugungi kunda dam olish maskanlarida fuqarolar, ayniqsa, bolalar xavfsizligini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda attraksionlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning aksar qismi texnik nosozliklar va nazoratning yetarli darajada olib borilmasligi oqibatida yuzaga keladi. Seminar davomida tadbirkorlik sub’ektlariga attraksionlardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha bir qator muhim talablar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Xususan, metall konstruksiyalarni muntazam defektoskopiya ko‘rigidan o‘tkazish, har bir qurilma uchun mas’ul shaxs tayinlash, texnik xizmat ko‘rsatishning kundalik, davriy va mavsumiy tizimini yo‘lga qo‘yish, texnik nazorat va sinovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni maxsus o‘qitish va ularning malakasini oshirish, statik va dinamik sinovlarni o‘tkazish, attraksionlarni belgilangan tartibda davlat reyestriga kiritish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, elektr tizimlarining soz holatda bo‘lishi hamda favqulodda to‘xtatish mexanizmlarining mavjudligi ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Mutaxassislarning fikricha, attraksionlardan xavfsiz foydalanish faqat texnik xizmat bilan cheklanmaydi. Bu umumiy xavfsizlik madaniyatining ajralmas qismi bo‘lib, unda tadbirkorlar, xodimlar va foydalanuvchilar birdek mas’ul hisoblanadi. Shu bois, qurilmadan foydalanishdan oldin uning tashqi holatini tekshirish, belgilangan yosh va vazn cheklovlariga amal qilish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lish muhim ahamiyatga ega.
Qayd etishimiz kerakki, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilayotgan bunday amaliy tadbirlar joylarda xavfsizlik tizimini mustahkamlash, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishda alohida o‘rin tutadi. Attraksionlarda xavfsizlikni ta’minlash esa nafaqat talab, balki har bir insonning hayoti va salomatligini asrashga qaratilgan muhim vazifa.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA