Attestatsiyadan o‘tishni istagan o‘qituvchilar ko‘paydi
Samarqand viloyati pedagogik mahorat markazida viloyatdagi ta’lim muassasalari pedagoglarining navbatdagi malaka test sinovlari boshlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu galgi attestatsiya sinovlarida ishtirok etish uchun samarqandlik o‘qituvchilardan 34 mingdan ortiq ariza tushgan va ularning 26 mingga yaqini qabul qilingan.
– Sinovlarda qatnashadigan o‘qituvchilarning 3 mingdan ortig‘i majburiy attestatsiyaga jalb etilgan bo‘lsa, 23 mingga yaqini ixtiyoriy ravishda attestatsiyada qatnashish istagini bildirgan, – deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining attestatsiya jarayonlariga mas’ul xodimi Farrux Boltayev. – Kuzgi test sinovlari oldidan platforma to‘liq yangilandi va unda avval kuzatilgan ayrim kamchiliklar bartaraf etildi. Masalan, pedagog kalkulyatordan foydalanishi yoki savollarda noaniqliklar yuzaga keladigan bo‘lsa, shu yerning o‘zida platforma orqali mas’ullarga shikoyat yuborishi mumkin. Shuningdek, majburiy attestatsiyaga jalb etilgan pedagogning milliy yoki xalqaro sertifikati bo‘lsa, unga imtiyozlar beriladi. Jumladan, ingliz tili o‘qituvchisi majburiy attestatsiyaga jalb etilgan bo‘lib, u chet tilini bilish bo‘yicha milliy sertifikatga ega bo‘lsa, unga fanni bilish bo‘yicha maksimal ball beriladi va qolgan kasbiy standart va pedagogik mahorat savollariga javob beradi.
Attestatsiya jarayonlariga o‘z ixtiyori bilan qatnashadigan pedagoglar safi yildan yilga ortib bormoqda. Chunki, oylik maoshga 70 foizli ustama, vazirlik ustamasi va “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovida ishtirok etish aynan attestatsiya natijasiga bog‘liq. Test sinovlarida 86 va undan yuqori ball to‘plagan birinchi va oliy toifali o‘qituvchilar 70 foizli ustamaga ega bo‘ladi hamda vazir ustamasiga da’vogarlik qiladi. Attestatsiya imtihonida birinchi marta qatnashayotgan pedagog testdan o‘tsa, unga ikkinchi toifa beriladi. Pedagog avvalgidek ma’lum yil o‘tishini kutmasdan keyingi attestatsiyada ishtirok etishi va birinchi toifani qo‘lga kiritishi mumkin.
[gallery-32225]
– Ikki yildan buyon maktabda ishlayman va bu yil birinchi marta attestatsiya imtihonida qatnashdim, – deydi Jomboy tumanidagi 40-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Mohira Jozilova. – Attestatsiyaga mustaqil tayyorlangandim. O‘z fanim bo‘yicha savollarga yuz foiz to‘g‘ri javob berdim, kasbiy standartdan bitta va pedagogik mahoratdan ikkita xato qilibman. 94 ballni qo‘lga kiritib, ikkinchi toifaga ega bo‘ldim.
Kuzgi attestatsiyada qatnashish uchun eng ko‘p ariza – 6674 ta ariza boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilaridan tushgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari