Atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy mexanizmlari
Yildan-yilga murakkablashib borayotgan ekologik muammolar bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirishni, soha olimlarining zamonaviy yechimlar ustida ish olib borishini taqozo etadi. Zero, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishlariga moslashish, suv tanqisligini bartaraf etish kabi muhim ekologik vazifalar eng dolzarb masalalardan bo‘lib turibdi.
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida “Atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy mexanizmlari” mavzusida Markaziy Osiyo ekologlari va ekofaollari forumi tashkil etildi.
Forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida olib borilayotgan ishlar hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasining ekologik islohotlarni amalga oshirishdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.

— XXI asrda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi butunjahon kun tartibidagi dolzarb masalalardan biriga aylandi, — dedi Abdushukur Hamzayev. — Inson salomatligi va hayotiga bevosita ta’sir qiluvchi omil bo‘lgan ekologik muhit har bir davlat barqaror rivojlanish yo‘lining ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bois, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash va salbiy ta’sirlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Forumda sohadagi olib borilgan keng qamrovli islohotlar va huquqiy mexanizmlar haqida ham ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, ekologiyaga oid 30 ga yaqin yangi qonunlar qabul qilingan, chiqindilarni boshqarish tizimi va atrof-muhit monitoringini rivojlantirish bo‘yicha yangi qonun loyihalari tayyorlanmoqda.

Shuningdek, yurtimizda ekologik muhitni yaxshilash, yashillik darajasini oshirish, suv tanqisligidan kelib chiqib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar haqida ham ma’lumot berildi.
Forum ishtirokchilari O‘zbekistonning ekologiya sohasidagi tajribasini yuqori baholab, ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, forumda ishtirok etgan yetuk olimlar, mutaxassislar tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
M.Komilova, O‘zA