Atrof-muhit musaffoligi uchun ovoz bering
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayevning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Shahnoza Qodirova qiziltepalik saylovchilar bilan uchrashdi.
Ishonchli vakil nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, nomzodning saylovoldi dasturidan “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish to‘g‘risida” gi dastur, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan “Yashil energetika strategiyasi” ni ishlab chiqish, “Chiqindilar to‘g‘risida” gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan muhim yo‘nalishlar o‘rin olgan.

– Yildan yilga global iqlim o‘zgarishlari, havo haroratining ko‘tarilishi, qurg‘oqchilik kabi o‘tkir ekologik tahdidlar dunyo hamjamiyatini o‘ylantirmoqda, – dedi Sh.Qodirova. – Markaziy Osiyo va butun dunyo uchun dolzarb ahamiyatga ega Orol fojiasi, shuningdek, yer va suv resurslari muammolari, biologik xilma-xillikning qisqarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondi, atmosfera havosining yomonlashuvi, sanoat va maishiy chiqindilarning to‘planishi kabi ekologik muammolar har bir mamlakatni bu masalaga yanada jiddiy e’tibor qaratishini taqozo etyapti.

Yuqorida keltirilgan muammolar O‘zbekiston uchun ham dolzarb hisoblanadi. Mamlakatimiz ekologiya sohasida o‘nlab xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilgan. Mazkur majburiyatlar yuzasidan milliy dastur va qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugun atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini jadallashtirish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, aholining qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini hamda ekologik xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Ishonchli vakil saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayevga ovoz berishga chaqirdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA