Atrof-muhit musaffoligi dolzarb masala
Andijonda atrof-muhit va ekologiya sohasida qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 3 milliard 374 million so‘mdan ziyod jarima undirildi.
Tabiatni muhofaza qilish va tabiy resurslardan, shuningdek, yer, suv, o‘rmon, yer osti boyliklari, atmosfera havosini, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasining joriy yilning o‘tgan davridagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda ona tabiatni, ekologik musaffolikni saqlash, bu borada fuqarolarning belgilangan tartib va me’yorlarga amal qilishlarini ta’minlash, aholini ekologik bilim va madaniyatini yuksaltirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Anjumanda viloyat ekologiya boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan joriy yilning to‘qqiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
– 2021 yilning o‘tgan 9 oyi davomida atmasfera havosi, suv va suv resurslarini, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, chiqindilarni chiqarib tashlash, tashish va saqlash bilan bog‘liq jarayonlarni nazorat qilish, mazkur yo‘nalishlarda qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi, – deydi Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Akbarov.
– Jumladan, ana shu davr mobaynida olib borilgan nazorat ishlari natijasida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan xo‘jalik sub’ektlari va fuqarolardan 3 milliard 374 million 400 ming so‘m mablag‘ undirildi.
[gallery-4557]
Shundan, atrof-muhitni ifloslanishiga ta’sir etuvchi sub’ektlardan kompensatsiya to‘lovi uchun 2 milliard 646 million 700 ming so‘m, ma’muriy jarima va da’vo jarimalari esa 679 million 870 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, anjumanda mutaxassislar tomonidan shahar va tumanlarda atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan sohaga oid qonun talablarini buzgan 2 ming 682 nafar huquqbuzarlarga nisbatan 1 milliard 108 million 900 ming so‘m ma’muriy jarimalar rasmiylashtirilganligi, 92 ta holatda tabiatga yetkazilgan zararlar uchun 72 million 445 ming so‘m miqdorida jarima undirish bo‘yicha da’vo qo‘zg‘atilganligi ta’kidlandi.
Boshqarmaning atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘limi tomonidan viloyatdagi mavjud 765 ta korxona nazoratga olingan. Atmasferani ifloslantirish bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi toifaga kiruvchi mazkur korxonalarda atmasferaga zararli chiqindi chiqaruvchi 20 ming 696 ta manba mavjud bo‘lib, ulardan 5 ming 894 tasi maxsus trubalar o‘rnatilgan, 481 tasi esa chang-gaz tozalash uskunasi bilan ta’minlagan. Umuman, tozalash uskunalari soatiga 4 million 854 ming m3 xajmda tozalash samaradorligiga ega.
Atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan 1 ming 512 marta reyd tadbirlari o‘tkazildi. Natijada 1 ming 485 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, ularga nisbatan 281 mlillion 477 ming so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Viloyat avtotransportlarining 50 foizi gaz-ballon yokilg‘i, elektr va boshka muqobil yokilg‘i turlariga o‘tkazildi. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida mavjud avtotransport vositalarining propan va siqilgan tabiiy gaz yoqilg‘i turiga o‘tkazilishi hisobiga atmosfera havosiga 1 ming 468 tonna zararli gaz chiqarilishining oldi olindi.
Boshqarma mutaxassislari tomonidan oqova suv tozalash inshootlarida monitoring tekshirishlari olib borildi. Monitoring jarayonida 5 korxonada oqova suv tozalash inshootlari rekonstruksiya qilinib, bugungi kunda ularning ish samaradorligi 85 foizni tashkil etmoqda.
Shuningdek, kanalizatsiya tarmoqlariga ishlab chiqarishdan hosil bo‘lgan oqova suvlarni tashlovchi sanoat korxonalarida laboratoriya tahlillari olib borildi.
Me’yoridan ortiq tashlamalar tashlanish holatlari bo‘yicha “Biznes ombudsmanga “Xavfni tahlil qilish” tizimi orqali buyurtmalar berilib, tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada tashlamalari belgilangan me’yorlardan ortib ketgan korxonalardan 218 million so‘m miqdorida qoplama to‘lovlari undirildi.
Anjumanda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni nazorat qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda atrof-muhit muhofazasi, ekologik musaffoligini ta’minlash, mazkur yo‘nalishlarda qononbuzilish holatlarining oldini olish, mutasaddilar, fuqarolarning bilim va tushunchalarini boyitish, ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha olib borilgan targ‘ibot ishlari haqida ham keng ma’lumotlar berildi.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA