ATP reytingi: kutilganidek Istomin pastladi, Federer ham...
Odatga koʻra har hafta avvalida tennis boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasida yangi reyting oʻrinlari eʼlon qilinadi.
Odatga koʻra har hafta avvalida tennis boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasida yangi reyting oʻrinlari eʼlon qilinadi. Bugun ham shunday boʻldi.
“Katta dubulgʻa” turkumiga kiruvchi Avstraliya ochiq chempionati bugun eʼlon qilingan reytingga sezilarli taʼsirini koʻrsatdi. Roʻyxatni hamon serbiyalik Novak Jokovich boshqarib bormoqda. Biroq endi u eng yaqin taʼqibchisi Rafael Nadalni 2 635 ochkoga ortda qoldiryapti. Endilikda serb tennischisi hisobida 10 955 ochko bor. Nadal esa 8 320 ochkoga ega. Kuchli uchlikni 6 475 ochko bilan germaniyalik Aleksandr Zverev yakunlab beradi.
Shveysariyalik Rojer Federer esa Avstraliya ochiq chempionatidagi unvonini munosib himoya qila olmagani bois reytingda bir varakayiga uch pogʻonaga pastladi va hozirda 6-oʻrinda qayd etilgan.
Oʻzbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin ham Melburn kortlarida birinchi bosqichdayoq kurashdan chiqib ketgani bois avvalgi oʻrniga nisbatan toʻrtta pogʻonaga pastladi va endilikda 105-oʻrinni egallab turibdi.
Kuni kecha Rossiyaning Qozon shahrida yakunlangan ITF turnirida bosh mukofotni qoʻlga kiritgan Sanjar Fayziyev kelasi hafta eʼlon qilinadigan reytingda oʻz oʻrnini ancha yaxshilab olishi kutilmoqda. Boisi, tennis qoidalariga koʻra, ITF turnirlaridagi reyting ballari bir hafta keyin qoʻshiladi. Ayni paytda Sanjar 593-oʻrinda qayd etilgan.
ATP reytingidagi oʻzbekistonlik tennischilarning egallab turgan oʻrinlari:
105 (101). Denis Istomin – 542
387 (387). Humoyun Sultonov – 41
533T (533). Farrux Doʻstov – 8
581 (576). Sergey Fomin – 5
593T (587). Sanjar Fayziyev – 4