Joriy yilning 26-sentyabrida Venada Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) yillik Bosh konferensiyasining 66-sessiyasi oʻz ishini boshladi.
«Oʻzatom» agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, unda 175 ta Atom energiyasi xalqaro agentligi (MAGATE) ishtirokchi davlatlari vakillari qatorida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Delegatsiya «Oʻzatom» agentligi, Fanlar akademiyasi va Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi mutaxassislaridan iborat boʻlib, ular Atom energiyasi xalqaro agentligi faoliyati va mazkur sohada amalga oshirilayotgan yangiliklar bilan yaqindan tanishishga muvaffaq boʻladi.
Taʼkidlash kerakki, Bosh konferensiya Atom energiyasi xalqaro agentlikning asosiy rahbarlik organi hisoblanadi. Konferensiya yakunida esa AEXA faoliyatining eng asosiy masalalari borasida tegishli qarorlar qabul qilinadi. Shuningdek, Bosh konferensiya doirasida umumiy muzokaralar oʻtkaziladi va unda delegatsiya rahbarlari oʻzlarining dasturiy chiqishlari bilan ishtirok etadi.
Oʻz navbatida, Bosh konferensiya bilan bir qatorda AEXA doimiy ravishda yadro texnologiyalari va fanga bogʻliq boʻlgan ilmiy forumlarni tashkil etadi. Mazkur forumlar Vena xalqaro markazida Bosh konferensiya tadbirlari bilan bir vaqtda oʻtkaziladi.
Ushbu xalqaro tadbir doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi AEXA rahbarlari, ishtirokchi mamlakatlar va atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasida hamkorlikni amalga oshirish masalasida masʼul boʻlgan kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar oʻtkazadi.
AEXA yillik Bosh konferensiyasining 66-sessiyasi 30-sentyabrga qadar davom etadi
OʻzA