Ma’lumki, mamlakatimizda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish, uning xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda xalqaro standartlarga mos huquqiy asoslarni yaratish, boshqaruv tizimi va nazorat mexanizmlarini isloh qilish, sohadagi barcha ishtirokchilarning vakolat va majburiyatlarini aniq belgilashga alohida e’tibor qaratilyapti.
Shu maqsadda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur loyiha Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan atom energiyasidan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish, uni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi sohada yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli organ sifatida belgilanyapti. Agentlik sohaviy dasturlarni ishlab chiqadi va muvofiqlashtiradi, xavfsizlik tadbirlarini belgilaydi va xalqaro hamkorlikni ta’minlaydi.

Loyihada davlat organlarining javobgarligi va vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, Energetika vazirligi atom energetikasi manbalari hisobini yuritish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol balansida atom energetikasi ulushini hisobga olish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Shu bilan birga, loyiha bilan davlat organlari, vazirlik va idoralarning nomlari hamda huquqiy atamalar amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirilmoqda. Shuningdek, yuridik-texnika qoidalaridan kelib chiqib, normalarni aniqlashtirish va ular o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash maqsadida tegishli o‘zgartishlar kiritilyapti.
Muhokamalarda ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi atom energiyasidan foydalanish sohasida huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish, davlat boshqaruvi va nazoratining samarali yo‘lga qo‘yilishini ta’minlash hamda yadro xavfsizligi va muhofazasini ta’minlash, sohadagi munosabatlarni zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish, mamlakatimizning yadro xavfsizligi bo‘yicha nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA